Get Mystery Box with random crypto!

​Urush Saqlolmadik biz 'Birlashish nuqtasin', Xudo bizga berg | Shohrux Erkinov [Official]

Urush

Saqlolmadik biz "Birlashish nuqtasin",
Xudo bizga bergan eng zo'r tuhfasin.
Nola qilib aytdik: "Urush to'xtasin!",-
Biz yig'ladik, endi urush yig'lasin!

So'nsin endi qalbda qahr-g'azablar,
Atrof to'la mayib-majruh, jasadlar.
Ko'zingizni oching hayvonsifatlar,
Biz uxladik, endi urush uxlasin!

G'arq bo'lmoqda dunyo g'azab domiga,
Singib borar urush inson qoniga.
Quzg'un bosgan bu hayot maydoniga
Biz yoqmadik, endi urush yoqmasin!

Yetar balki shuncha urush, shuncha jang,
Yetgan edik axir tinchlikka arang.
Qaddingizni tikroq tutib bir qarang,
Biz oqsadik, endi urush oqsasin!

Qonlar oqib aylanmoqda daryoga,
Hech bir kimsa olmas hatto parvoga.
Minglab urush sig'gan ushbu dunyoga
Biz sig'madik, endi urush sig'masin!

So'zlarimni olmang tag'in hazilga,
Shu urush deb qancha qabr qazilgan?
Yetib keldik balki so'nggi manzilga,
Biz to'xtadik, endi urush to'xtasin!

So'zlarimdan qiling endi xulosa,
Qalbingizga yetib borgan bo'lolsa.
Bu sadoni elga qiling ovoza,-
Biz xohladik - endi urush to'xtasin!

Shohrux Erkinov

2023-yil.