Get Mystery Box with random crypto!

Bir yil Ayozli bo'ronlar tinchidi, tindi, Uyg'ondi ko'rpaday | Shohrux Erkinov [Official]

Bir yil

Ayozli bo'ronlar tinchidi, tindi,
Uyg'ondi ko'rpaday og'ir bir g'aflat.
Qarg'alar so'nggi bor chuqur xo'rsindi,
Turnalar qaytmoqda to'kishib savlat.
Sukunat bag'ridan chiqmoqda bir xalq,
Har kimning boshida har xil o'y-xayol.
Tashvishlar boshini og'ritmas mutlaq,
Bu xalqqa tashvishlar yoqar ehtimol.
Bu asli shunchaki bir ertak emas,
Bu bahor nafasi, bog'bon nafasi.

G'azab-la ochilar oppoq eshiklar,
Maysalar bosh egib chiqishar shu on.
Egilgan daraxtlar qaddini tiklar,
Qushlar ham atrofga boqishar hayron.
Qizg'aldoq tebranar mayin, jonsarak,
Dimog'ni qitiqlar o'rik gullari.
Qaldirg'och bahordan bermoqda darak,
Duoga ochildi xalqim qo'llari.
Bu asli shunchaki bir ertak emas,
Bu bahor nafasi, rayhon nafasi.

Kundan-kun qizdirar quyoshning tafti,
Dala-yu, dashtlarda qizib ketar ish.
G'arq pishar olma-yu, gilos daraxti,
Insonlar yuzida sirli jilmayish.
Hansirab yugurar ulkan kombayn,
Oltinrang bug'doyzor aro entikib.
Yuritgich ovozi oshgani sayin,
Dahshatli sukutni kelar berkitib.
Bu asli shunchaki bir ertak emas,
Bu yozning nafasi, dehqon nafasi.

Ishlarin yakunlab kelishar xalqim,
Sokin tun ko'ngliga huzur baxsh etar.
Ehtimol shu sabab, shu sabab balkim,
Bolalar quyoshning botishin kutar.
Kattalar uxlashar, ammo bolalar...
Gaplashar qandaydir kosmonavt haqda.
O'sha payt dunyoga sochib zeb-u, zar,
Oy chiqar yulduzli ,,cho'mich"in maqtab.
Bu asli shunchaki bir ertak emas,
Bu yozning nafasi, osmon nafasi.

Harorat pasayib borar kun sayin,
Xalqim bor topganin qo'ymoqda g'amlab.
Chanqagan barglarning chanqog'idayin,
Bulutlar osmonni olishar qamrab.
Yashindek haybatin ko'rsatar chaqmoq,
Behosdan ko'ngilga tushar xiralik.
Oyoqlar ostida sarg'aygan yaproq-
Shu yildan qolgan eng so'nggi esdalik.
Bu asli shunchaki bir ertak emas,
Bu kuzning nafasi, xazon nafasi.

Safarin yakunlab ketmoqda qushlar,
Bolalar ayvondan kuzmoqda jim.
Boshlanar dalada paxta terishlar,
Ertadan kechgacha dalada xalqim.
Yuzlarda horg'inlik, qo'llarda qadoq,
Hamma kun botishin kutar orziqib.
Tong hali otishga ulgurmasdanoq,
Xalq yana paxtaga chiqar hovliqib.
Bu asli shunchaki bir ertak emas,
Bu kuzning nafasi, xirmon nafasi.

Kumushdek tovlanar oppoq archalar,
Mo'rilar og'zida barq urar tutun.
Raqs etar havoda qorli parchalar,
Hammani o'ziga etgancha maftun.
Kiyimlar o'zgarar endi butunlay,
Paltoga o'rnini bo'shatar ko'ylak.
Uyda-chi qaynaydi to'xtamay, tinmay,
Pechkaning ustiga qo'yilgan choynak.
Bu asli shunchaki bir ertak emas,
Bu qishning nafasi, qumg'on nafasi.

Hayqirar yo'llarda kuchli izg'irin,
Ko'priklar ustida muzlaydi qirov.
Darbadar shamollar quvlar bir-birin,
Yo'llarda kamayib qolar ot-ulov.
Saflanar simyog'och ustida yana,
Ayozning elchisi bo'lgan qarg'alar.
Bolalar qirlarda uchishar chana,
Quyosh ham sekin ufq tomon yo'rg'alar.
Bu asli shunchaki bir ertak emas,
Bu qishning nafasi, bo'ron nafasi...

2020/2022-yil

Shohrux Erkinov


@Shohrux_Erkinov_adabiyot