Get Mystery Box with random crypto!

O‘zbekiston maktablarida yangi ta’lim dasturlari amaliyotga ki | Qonunchilik.uz

O‘zbekiston maktablarida yangi ta’lim dasturlari amaliyotga kiritiladi
Shavkat Mirziyoyev 2022—2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, ta’lim sifatini oshirish, sohani ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadida 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, jamoa bo‘lib ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlari amaliyotga kiritiladi.
Bunda:
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1–4-sinflarida o‘quvchilarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish;
5–9-sinflarda o‘quvchilarga umumta’lim fanlaridan tayanch bilimlar berish;
10–11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish amaliyoti joriy qilinadi.
2023-yil 1-apreldan boshlab maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish maqsadida:
yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni ta’mirlash hamda jihozlash orqali tashkil etishga ruxsat etiladi;
davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherik tomonidan ushbu binoning mazkur loyiha uchun bank kreditlari bo‘yicha garovga qo‘yilishiga oid cheklovlar bekor qilinadi;
Shuningdek, professional ta’lim tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va ish beruvchilarning talablariga mos bo‘lgan malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash maqsadida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab davlat grantlari kollej va texnikumlarning dual ta’lim shakli bo‘yicha ham ajratiladi.