Get Mystery Box with random crypto!

Bu zamonning alplariga achinaman, Boqar bo'lsang qulog'idan ku | She’riy lahzalar

Bu zamonning alplariga achinaman,
Boqar bo'lsang qulog'idan kun ko'rinar.
Sher kelbatli jussasida mushtimdayin,
Yuragining dukurlari jo'n ko'rinar.
O'n to'rt botmon kamon yerga botib ketgan,
O'z dardini ko'tarolmay elga yoyar.
Alpim deyman, go'ringizdan turib chiqing,
O'z elini talar bugun eliboylar.
Boychiborning tuyoqlari ostidagi,
Tuproq bo'lib qayta-qayta yanchilayin.
O'zligini unutgan huuv alplarimning,
Ko'kragiga gulmix bo'lib sanchilayin.
Xudo desam bo'g'zim kuyib, nolalarim,
Alpomishni uyg'otolsa uyqusidan.
Xabar bersa bu zamonning alplariga,
Elning eri bo'lmoqlikning tuyg'usidan.
Yo Ollo deb yerdan olsa kamonini,
Yer qo'zg'alsa, ochilsaydi alplar ko'zi.
Yo, Xudoyim Alpomishni qaytib bergin,
Marhamat qil, o'z eliga kerak o'zi.
Alpim deyman, go'ringizdan turib chiqing!

Parizoda Ro‘ziboyeva

@sheriylahzalar