Get Mystery Box with random crypto!

TURKIYLAR Qilichin tashladi beklar nihoyat, bosildi tulporla | Shaxsiy Blog1

TURKIYLAR

Qilichin tashladi beklar nihoyat,
bosildi tulporlar,
tigʻlar suroni,
urhoga oʻrgangan tillarda oyat,
turkiylar tanidi komil xudoni.

Qilichlar zangladi.
falokat hushyor,
turkiylar quvvatin berdi yerlarga.
Hiylagar doʻstlarday yaqinlashdi yov
komillik qidirgan jasur erlarga.

Ilvasin yigitlar,
bobir yigitlar,
sajdaga bosh qoʻydi yovga ters qarab,
gʻullarni kemirib yigʻladi itlar,
buyuk boshni kesdi qilich yaraqlab.

Turkda bosh qolmadi.. qolmadi dovlar.
xotin-xalaj qoldi motam koʻtarib,
“bizga tik qarama” buyurdi yovlar,
yovlarga ters qarab yashadi bari.

Talandi samoviy tulpor uyuri,
talandi zarlari,
zebu zabari,
ters qarab oʻling deb yovlar buyurdi,
yovlarga ters qarab jon berdi bari.

Lahadga kirdilar oʻzlarin qargʻab,
qolmadi arabiy,
turkiy xatlari,
tugʻingiz dedi yov teskari qarab,
yovlarga ters qarab tugʻildi bari.

Tugʻildi,
tugʻildi,
tugʻildi qullar,
qirqida qirilgan — imdodga muhtoj,
yovlarga ters qarab itlarday hurar,
bir-biriga dushman,
bir-biridan koj.

Joʻmardlar qirilgan Turonzaminda
doʻzaxiy tajriba pallasin koʻrdim:
eshshak suvrati bor qay bir qavmda,
qay birida toʻngʻiz kallasin koʻrdim.
Bu holdan buvaklar boʻgʻilib oʻlar,
qul Bilol ezilib yigʻlar falakda.

Oʻzlarin yondirar borliqdan toʻygan
Badaxshon laʼliday asl malaklar.
Moʻminlar besh bora Allohni eslar
sajdaga bosh qoʻyib jallod toshiga.
Oʻgrilib sal ortga qarayin desa,
boshiga urarlar,
faqat boshiga.

Bormi er yigitlar, bormi er qizlar,
bormi gul bagʻringda joʻmard nolalar,
bormi bul tufroqda oʻzligin izlab,
osmonu falakka yetgan bolalar.

Bor boʻlsa,
alarga yetkarib qoʻying,
bir boshga bir oʻlim demagan ermas,
shahidlar oʻlmaydi,
bir qarab toʻying:
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!

Shavkat Rahmon