Get Mystery Box with random crypto!

Uhud kamonchilari kim edi? Turkiyalik Islom olimi Mehmet Foti | Shaxsiy Blog1

Uhud kamonchilari kim edi?

Turkiyalik Islom olimi Mehmet Fotih Chitlak xoʻjamiz Umra ziyorati vaqtida Uhud togʻiga uzoq boqib, yonidagi talabalaridan soʻraydi:
- Uhud gʻazotida kamonchilar tepaligini (oʻlja toʻplash uchun) tark etgan sahobalar kimlar edi?
Hamma jim. Javob yoʻq. Ustoz savolini takrorlaydi:
- Kamonchilar tepaligini tark etgan sahobalar kimlar edi?
Talabalarning xijolatdan boshlari egik.
- Bilmaymiz, ustoz... - deyishadi sekingina.
- Ishoning, aslida men xam buni bilmayman, - deydi ustoz koʻzlari yoshlanib. - Buni hech kim bilmaydi. Ularning nomlari hech qachon hech yerda aytilmagan, hech bir manbada yozib qoldirilmagan. Tepalikni tashlab ketib, musulmonlarning koʻp talafot koʻrishiga sababchi boʻlgan oʻsha kamonchilarning kim boʻlganini hatto ularning rafiqalari xam, farzandlari xam bilmaganlar. Chunki, boshqa sahobalar buni aslo oshkor etishmagan, yashirishgan. Yillar oʻtib, Jamal va Siffin hodisalarida bir-birlariga qarama-qarshi turganlarida xam, "Siz Uhuddagi tepalikni tashlab ketgandingiz", deya oʻzaro malomat qilganlari yoʻq. Bir-birlariga qarama-qarshi xollarida ham bir-birlarining xatolarini yuziga solishmadi. Chin moʻmin-musulmon - mana shunday goʻzal axloq egasidir! Endi anglab turibmanki, Uhud aslida magʻlubiyat emas, gʻalaba boʻlgan ekan - insoniylik, musulmonlik gʻalabasi boʻlgan ekan...

Bir-birining xatosini koʻrib qolsa, ayblash "imkoniyati"ni qoʻldan boy bermay, darhol ommaga oshkor qilishga kirishadigan; bir-birini obroʻsizlantirishdan, masxaralashdan zavq oladigan "muslim"larni, "muslima"larni koʻrganimda ustozimizning shu gaplari esimga tushadi.

..."Men bor gapni aytyapman, xolis odamman" deya boshqalarniyu oʻzini aldaydiganlar ikki yelkalaridagi malaklarni alday olmaydilar-ku baribir! Bu ishlari uchun malaklar ularning nomai aʼmoliga: "Bu banda - xolislardandir" deb yozishmaydi, "Bu banda birodarining goʻshtini yedi" deb yozishadi.

Bir-birining aybu xatosini ommaga oshkor qilmagan, bir-birining kamchiligini elga doston qilishdan hazar etgan asʼhobi kirom qatori Jannatga kirmoqni istaydigan "gapdon"lar dindoshlarining goʻshtini chaynashga ixtisoslashgan ogʻizlarini tavba suvi bilan poklab olsinlar. Chunki, Jannat - yuvuqsizlar kiradigan joy emas.

Rustamjon domla

https://t.me/joinchat/V9rOjjc2w___l0Xf