Get Mystery Box with random crypto!

#Nukta Abu Lahab - Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ota b | Shamsuddin Sadruddin

#Nukta

Abu Lahab - Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ota bir, ona boshqa amakilari. U zotga ozorlar bergan va haq da’vatlariga qarshi chiqqan ashaddiy mushrik. Alloh u haqida bunday oyat nozil qilgan: «Abu Lahabning ikki qo‘li halok bo‘lsin, halok!». (Masad:1)

Alloh ushbu surani «Kafirun» surasi kabi قُلْ («Ayt») deb boshlamadi. Holbuki, ikkala sura ham mushriklarga qaratilgan.

Bunga uch xil javob berish mumkin:

1. Qarindoshlik, ayniqsa, amaki-jiyan rishtasi hurmat-ehtiromni taqozo qiladi. Shu sabab Alloh: «Mana shunday so‘zlarni ayt», deb, Rasulini o‘z amakisini - garchi u mushrik bo‘lsada - la’natlashga buyurmadi.

2. «Kafirun» surasi Alloh haqida noo‘rin gaplar aytgan kofirlar haqida, shu bois u yerda «aytish»ga buyurilgan. «Masad» surasi esa Nabiy sollallohu alayhi vasallamni haqoratlagan Abu Lahab va uning ayoli haqida, shu bois u yerda «aytish»ga buyurilmagan. Bunda: «Ey Muhammad, siz sukut qiling, unga O‘zim javob qaytaraman», degan ma’noga ishora bor.

3. Alloh O‘zining haqiqiy bandalarini sifatlab bunday deydi: «Qachon ularga johillar xitob qilishsa, ular: «Salom!» derlar» (Furqon:63). Bu yerda ham shunday: «Ey Muhammad, sizni haqorat qilganlarida shu oyatga muvofiq sukut qiling», degan ma’no tushuniladi!

Bilingki, kim ahmoqlar bilan gap talashishni bas qilsa, Allohning O‘zi uni daf qilib, bandasiga yordamchi bo‘lur!
(«At-tafsirul kabir» asosida)

@Shamsuddin_Sadruddin