Get Mystery Box with random crypto!

​​Lev Tolstoy – 'Kreytser sonatasi' Agar bu asarni bitta gap | The Stranger

​​Lev Tolstoy – "Kreytser sonatasi"

Agar bu asarni bitta gap bilan ifodalash talab qilinsa, shunday ta'riflash mumkin: Goʻzal oila haqidagi xomxayollarni puchga chiqaradigan qissa.

Voqealar poyezddagi suhbat bilan boshlanadi, oila qurishda sevgining ahamiyati haqida gap boradi. Quyidagi iqtibosda hozirgi oilaviy janjallar, odamlarning baxtsizligi, hatto qotilliklarning sababi aks etgan:
"Bir-birlarini sevmaydiganlarni qovushtirib qoʻyishadi, keyin totuv yashamayotganlaridan hayron boʻlishadi. Bu usulda xoʻjayinning xohishi bilan hayvonlarni juftlab qoʻyish mumkin, odamlarning esa xohishi, koʻngli bor".

Hozir oldingiday bir-birini chimildiqda koʻrish yoʻq, ammo hamon yoshlar bir-birining asl basharasini toʻydan keyin koʻradi. Toʻygacha sevib - sevilishlar koʻp boʻladi, ammo turfa sabablar bilan oilalar farzandini sevganiga emas, boshqasiga ravo koʻrishadi. Toʻygacha notanish odam bilan uchrashuvlar, yangi odamning eʼtibori, xushmuomalasi, mehri yoqib tushadi, eski sevgili tez unutiladi. Biroq toʻydan keyin haqiqiy doʻzax boshlanadi.

Kanalning aksar kuzatuvchilari yoshlar, hali turmush qurmagan. Koʻpining oila haqida shirin, romantik orzulari bor. Afsuski, bekorlarning beshtasini aytibsiz. Oila bu muntazam janjallar degani. Hayotingizda boshqa hech kimdan oʻz juftingizdan nafratlanganchalik nafratlanmaysiz. Boshqa hech kim bilan bu qadar koʻp janjallashmaysiz. Ikki odam bir-biriga toqat qilib yashashi juda-juda qiyin. Tolstoy oʻzi ham xotinidan kuygani uchun buni juda ayon tushuntirgan. Umrining oxirida bolalariga soʻngi vasiyati "Onangizni janozamga qoʻymang" boʻlgan. Ayol oʻz ojizaligi bilan erkakdan ustun va shu orqali uni azoblaydi, xotinlar bekorga egov deyilmaydi. U tinimsiz javrashi, atay nafsoniyatga tegishi, eng nozik nuqtalarga gap bilan urishi, oʻzini kasalga solishi, jazavaga tushishi, baqirib-chaqirib el-yurtga sharmanda qilishi bilan erkakning hayotini doʻzaxga aylantira oladi va koʻpincha shunday boʻladi ham. Erkaklar ham oʻz usullarida buni qoyillatishadi.

Sevgisiz qurilgan oilalar ham baxtli yashab ketishi mumkin. Ikkala tomon ham bir-biriga befarq va juda band boʻlsa bu oila tinch boʻladi. Bir-birini kam koʻrgani, kam oʻylagani va kam shugʻullangani uchun bir-biridan toqat qilib boʻlmaydigan darajada bezimaydi. Sevgini esa yoshlikdagi ehtiros bilan adashtirmaslik lozim. Freydning taʼlimoti bilan bir tanishib qoʻysangiz zarar qilmaydi shu joyiga. Qonimizda bosh koʻtargan garmonlar ta'sirida kulib qaragan, yaxshi gapirgan odamga nisbatan mehr his qilamiz, jismoniy yaqinlikka ehtiyojni sevgi deb adashamiz.

Bizning jamiyatda nafaqat ayolga, hatto erkakka ham ajrashish juda qiyin. Bu esa notinch oilaviy hayotga chidashni haqiqiy doʻzax azobiga aylantiradi. Bu holat "Kreytser sonatasi"dagi kabi xiyonat va qotillik bilan ham yakunlanib turadi. Oxirgi paytda er xotinini, xotin erini yoki oʻzini, bolalarini oʻldirgani haqidagi xabarlar koʻp chiqyapti, aslida bu doim boʻlgan, shunchaki endi ommaviy e'lon qilinyapti. Sevgisiz, oʻzaro tushunishsiz, qoʻrada bir-biriga qoʻshilgan qoʻylarday turmush qurish shunaqa ogʻir oqibatlarga olib keladi. Shu bois oʻzingiz yaxshi tomonini ham, yomon tomonini ham bilgan odam bilan turmush quring. Yangi nomzodning faqat yaxshi tomonini koʻrasiz va bu eski juftingizdan a'lo koʻrinadi. Ammo uning yomon tomonlarini bilmaysiz.

Sevib-sevilib qurilgan oilada janjal boʻlmaydimi? Rosa boʻladi-da. Faqat bunda oraga nafrat qoʻshilib ulgurmay yarashiladi. Oʻzaro mehr, hurmat, shirin xotiralar oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Siz hech qachon janjallashmaydigan emas, janjallashgandan soʻng tez yarashadigan, qilmishidan pushaymon boʻladigan odam bilan baxtli yashaysiz.

Oila odamni baxtli qilishi kerak, baxtsiz boʻlishni hamma oʻzi yolgʻiz eplaydi.

@salimov_blogi