Get Mystery Box with random crypto!

​​Piter Hopkirk – 'Katta oʻyin' Buyuk oʻtmishga da'vo qiladig | The Stranger

​​Piter Hopkirk – "Katta oʻyin"

Buyuk oʻtmishga da'vo qiladiganlar, biz falon-pismadonlarning avlodimiz deydiganlar ushbu kitobni oʻqib, asrlar davomida naqadar yovvoyi, ongsiz, johil boʻlganimizni koʻrib qoʻyishi kerak. Kitobda Markaziy Osiyo ustida bir necha asr davom etgan ikki imperiya kurashi tasvirlangan. Tariximizning bu davrlari haqida darsliklarimizda deyarli hech narsa yoʻq, qaysi hukmdor qaysi qoʻshnisiga urush qilgani, oʻn uchinchi xotinidan boʻlgan yettinchi oʻgʻli otasidan taxtni qanday tortib olgani haqidagi gaplarni hisobga olmasa, albatta. Eng yaqin davlatlardan ulkan choʻllar, dovonlar bilan ajralib qolgan Markaziy Osiyo ancha payt strategik jihatdan hech qanday ahamiyatga ega boʻlmagani bois dunyodan uzilgan holda oʻrta asrlarga xos yovvoyilarcha hayotlarida yashab yuraverganlar. "Ingliz qirolichasining toji" boʻlmish Hindiston tufayligina ikki imperiya bu hududlar bilan shugʻullanishga majbur boʻlib qolgan.

Buyuk Britaniyaga Markaziy Osiyoni bosib olishdan hech qanday naf yoʻq edi, hududiy jihatdan uzoqligi sababli bosib olish va keyin mudofaa qilish katta xarajat talab qilardi. Biroq Rossiyaning Hindiston chegaralariga yaqinlashishini ham istamasdi. Shu bois ingliz razvedkachilari Xivayu Buxoro qilib rosa sayohat qilishgan. Buyuk Britaniya yordamida Rossiya bosqiniga yoʻl qoʻymaslik mumkin edi.

Ammo bizning chala mullalarimiz nima qilishgan? Inglizlardan harbiy yordam yoki qurol-aslaha oʻrniga choʻchqa goʻshti yeysizlarmi, davlatni ayol kishi boshqarishi sharmandalik emasmi, sizlarda devor ortini koʻradigan qurilma borligi rostmi kabi ahmoqona savollarni soʻrashgan. Etiket, odob-axloqdan bexabar vazirlar xoch taqmaganmi deb elchilarning kiyimini yechib koʻrishgan. Shaharga kirgach xon saroyigacha otdan tushmaganini oʻziga hurmatsizlik deb bilgan Buxoro amiri elchini qatl ettirgan.

Buyuk Britaniya imperiyasi qudratining eng choʻqqisiga chiqqan, dunyoni zir titratgan paytda bizning xon-u amirlar hatto bunday davlat borligini bilmagan. Oddiy ingliz kemasida 100 tagacha toʻp bor paytida Buxoro amiri butun qoʻshinida yigirmata toʻp borligi bilan maqtanib, oʻzini yengilmas deb oʻylagan. Rus qoʻshiniga qarshi turolmasliklarini tushuntirishga uringan inglizga Xiva xoni va bosh vaziri "Kofirlarga qarshi jang qilib halok boʻlsak, toʻgʻri jannatga tushamiz" deb maqtanishgan. Boshqa joyda oʻqishimcha, keyinchalik inglizlar biznikilarni samalyot bilan taʼminlamoqchi boʻlishgan, hukmdor mullalardan maslahat soʻragan, samalyot oʻzi nima deb soʻragan mulla, ha shu osmonda uchadigan narsa deyishsa, yoʻq, osmonda uchsa hovlida yurgan xotinlarimizga nomahramning koʻzi tushadi deb rad qilishgan ekan.

Bir haqiqatni tan olish kerak, yaxshiyam bizni Rossiya bosib olgan. Bu bosqinchi Angliya yoki Xitoy boʻlsa ham farqsiz edi. Bizni bu jaholatdan qutqarish kerak edi. Asl tariximizni bilganlargina bu gaplarimni tushuna oladi. Bosqinchi Rossiya ota-bobomizning qonini toʻkkan, jadidlarimizni oʻldrigan degan shablon gaplar koʻp. Oʻzimizga xon, oʻzimizga bek boʻlgan davrlarda bundan badtar xunrezliklar boʻlgan. Markaziy Osiyo davlatlarida hech qanday qonun amal qilmagan. Insonning pashshachalik qadri boʻlmagan. Bosqinchilar bizga sivilizatsiyani olib kelmasa, ilk poyezd kelganda uni temir ot deb, beda koʻtarib chiqqan xalqimizdan hech qachon jadidlar kabi aqlli odam chiqmasdi ham.

Bizning oʻsha davrlarimiz haqida juda koʻp kitob borligidan hayratlandim. Buxoro, Xiva, Qoʻqon, Samarqand, Toshkentga rasmiy va maxfiy sayohat qilgan inglizlar, ruslarning deyarli barchasi bu hududlar haqida ulkan kitoblarni yozishgan. Qachondir tarjima qilinib, oʻz tariximizni oʻrganishga umid bormikin?

Hopkirkning shu kitobi tarjima boʻlgani ham katta yutuq. Juda katta hajmdagi maʼlumotlar oʻta tushunarli tarzda ifodalangan. Ham tarixiy, ham sarguzasht kitob oʻqiyotganday boʻlasiz. Muallif voqealarni tasvirlashda aynan shu voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan, ularda ishtirok etganlarning kitoblari, kundaliklaridan foydalanadi. Qattiq tavsiya qilaman.

@salimov_blogi