Get Mystery Box with random crypto!

​​Prollar (ya'ni boshqaruv tizimida boʻlmagan oddiy xalq, ahol | The Stranger

​​Prollar (ya'ni boshqaruv tizimida boʻlmagan oddiy xalq, aholining 85 foizi) oʻz tabiatiga koʻra past tabaqadir va ularni bir necha oddiy qoidalar asosida hayvon kabi itoatda tutib turish lozim. Mohiyatan partiya prollar haqida koʻp narsani bilmasdi. Koʻp bilishning keragi ham yoʻq. Ular mehnat qilsalar va koʻpaysalar boʻldi – boshqa payt bilganlarini qilsinlar. Argentina kengliklarida oʻtlab yurgan sigiru qoʻylar kabi oʻz holiga tashlab qoʻyilgan prollar hamisha oʻzlarining yovvoyi va tabiiy hayot tarziga qaytardilar – ajdodlari izidan borardilar.

Ular balchiqda tugʻiladilar, voyaga yetadilar, yigirma yoshda ishlay boshlaydilar, qisqa payt jismoniy va hirsiy qudratga ega boʻladilar, yigirma yoshda uylanadilar, oʻttizdan oshib-oshmay yoshliklari oʻtadi, odatda oltmish yoshga borib vafot etadilar. Ogʻir jismoniy mehnat, uy va bolalar tashvishlari, qoʻshnilar bilan janjallar, kino, futbol va asosiysi, qimoru gardkam oʻyinlari – ularning ongi shundan boshqasini sigʻdirmaydi.

Ularni boshqarish qiyin emas. Ular orasida hamisha Fikr politsiyasining josuslari aylanib yuradi; mishmish tarqatadi, xavflilarni topib aniqlaydi va yoʻq qiladi. Biroq ularni partiya mafkurasiga da'vat qilishga intilmaydilar. Chunki prollarning siyosatga katta qiziqishi nomaqbul sanalardi. Ulardan talab qilinadigan ish vaqti uzaytirilganida yoki oziq - ovqat ta'minoti qisqartirilganda kerak boʻlib qoladigan soxta vatanparvarlik edi. Ular biror narsadan norozi boʻlsa ham – ba'zida shunday boʻlardi – bu norozilik jiddiyroq hech narsaga olib bormasdi, chunki ularda biror umumiy gʻoya boʻlmagani bois norozilik qandaydir mayda ahamiyatsiz tashvishlar bilan cheklanib qolardi. Katta ofatlar, fojialar ularning e'tiboridan chetda qolaveradi. Odatiy politsiya ular bilan deyarli shugʻullanmaydi. Jinoyatchilik avjida, davlat ichidagi yaxlit bir davlat: oʻgʻrilar, bosqinchilar, fohishalar, narkofurushlar, turli-tuman tovlamachilar, firibgarlar; biroq bu narsalar prollar orasidan tashqariga chiqmagani uchun ularga eʼtibor qilinmaydi. Barcha axloqiy masalalarda ularga ajdodlarining urf-odatlariga ergashish imkoni berilgan. Ular zino uchun jazolanmaydi, oilaviy ajrashishlarga ruxsat berilgan. Darvoqe, agar qiziqish bildirsalar diniy ibodatlar ham ularga man etilmaydi. Prollar shubha-gumon qilishga ham arzimaydi. Partiyaning shiori shunday: "Prollar va hayvonlar erkindir".

"1984"
Jorj Oruell


@salimov_blogi