Get Mystery Box with random crypto!

#nazm Bir odam izladim… izladim g‘arib, jufti yo‘q burgutday | Panda Books

#nazm

Bir odam izladim…
izladim g‘arib,
jufti yo‘q burgutday xunuk qishladim.
Kezdim armon to‘la bir jom ko‘tarib,
malaklar yig‘ladi, itlar tishladi…

Umring uzoq bo‘lsin, ey daryojonim,
husningga hirs bilan nazar solmadim.
Zanjirlar tovshiga to‘lganda yodim,
o‘zingdan o‘zga bir dildor qolmadi.

Qolmadi bir ilinj,
ishonch qolmadi,
vahshiy daholarning makri bilindi.
It bazmi qizigan oysiz shomlardan
qizg‘onib opqochdim daryo dilimni.

Bu chirkin og‘izlar…
singan kallalar,
ig‘vodan, bo‘htondan osilgan tillar…
Hirslar lashkarlari bosgan pallada
shohlarin bo‘g‘izlab tashlagan dillar.

Bu quyosh xo‘rlangan,
bu oy zo‘rlangan…
zarlari talangan bu sodda jabal.*
Qon, aroq,peshobni emib to‘ralgan
buvaklar bo‘kirib yig‘lagan mahal

yo Xudo, dedimu,
nurlar o‘ynagan
peshonam ilk bora tuproqqa tegdi,
yo Xudo, dedimu
erkin gullagan
daryodil samoga dilimni berdim.

Umring uzoq bo‘lsin,
ey daryojonim,
kechalar qarida bir gul yig‘ladi,
yuzimga sachradi bir bulbul qoni,
ko‘nglimga bu dunyo nechuk sig‘madi?!

Nechuk bag‘ringdaman,
kimning ishqida,
Nechuk yolvoraman umringni tilab?
Ulkan jasadimni toshlar ichida
yuvarsan eng nozik qo‘llaring bilan.

Aytgil, ey daryojon,
bormidi zulm?
Tog‘lar silsilasin buzvordi nola:
«Gullarning bargini yemagan gulim,
bulbullar qonini ichmagan bolam.»

Shavkat Rahmon

@panda_books