Get Mystery Box with random crypto!

​​#taqriz Qasos va muhabbat yoxud 'Graf Monte-Kristo' asariga | Panda Books

​​#taqriz
Qasos va muhabbat yoxud
"Graf Monte-Kristo" asariga taqriz

Mo'jiza nima? Neki, biz anglay olmaydigan.
Nima eng ko'p istaladi? Narsaki, aslo qo'l yetmas.

Graf Monte Kristo agar tirik bo'lganida, mening eng yaqin do'stim bo'lar edi. Afsuski, u do'stlikda omadi chopmaganlardan, ustiga-ustak sevgida ham sira baxt qushini boshiga qo'ndira olmaydi. Holbuki, boshida bunga juda yaqin kelgan edi... keyin esa..

Keyin esa hammasi o'zgarib ketdi. Yosh dengizchi Edmon Dantes juda puxta o'ylangan hufiyona reja asosida qamoqqa tashlanadi. Biri amalini deb, biri sevgilisi deya xiyonat qilgan bo'lsa, uchinchisi o'z sirlari ochilishidan qo'rqqanidan begunoh bandaga jabr qilishadi.

Ammo bu asarda nechog'liq mashaqqatli bo'lmasin, sinovlardan o'tgan odam obrazi ko'z oldimizda paydo bo'ladi. To' kuni sevgilisi Mersedes quchog'idan tortib olinib, tor va zax zindonga tiqilgan, sodda va hech narsadan xabari yo'q Edmondan hayotidagi barcha yorqin ranglar va hislarni shafqatsizlarcha sidirib olishadi. Unda endi faqatgina bir his - qasos hissi qolgan edi.

Uzoq yillik qasos rejasini Graf Monte Kristoga aylangan Dantes sovuqqonlarcha sekinlik bilan ijro etadi. Uning eski dushmanlari allaqachon u haqida unutib yuborishgan, ularning bari endi fransuz elitasining vakillariga aylanishgan, katta nufuz, boylik va oilaga ega edilar.

Grafning Parijga tashrifidan keyin ular hayotida baxtli tashqi ko'rinish asta-sekin yo'qqa chiqib, soxta rishtalar uzila boshladi. Ammo buning sababi chaqirilmagan mehmon bilan bog'liq ekanligi haqida o'ylashmasdi.

Graf Monte Kristo - aslo oppoq farishta sifatida gavdalantirilmaydi, aynan shu meni unga ehtiromimni yanada oshirgan desak bo'ladi. U o'z dushmanlarini birma-bir eng qadrli narsalaridan judo etgancha, o'ch ola boshlaydi. Sovuqqonlik va hech bir rahmsiz. U adolatni tiklaydi deya olmayman, chunki hayotda eng mutlaq haq bo'lish imkonsiz, buni Graf juda yaxshi tushunadi. Aynan shuning uchun ham u dushmani Danglarni so'nggi lahzada ochlikdan o'lishiga hukm qilmaydi. Holbuki o'sha Danglar uni Dantesning padarlarini ochlikka qo'yib ketgan edi.

Kitob juda og'ir o'qiladi. Hajmi 1200 varaqdan ko'proq, men o'qigan eng katta asarlardan biri. Biroq bu uning shedevr ekanligiga aslo ta'sir o'tkazmaydi. Aksincha, asar so'ngida siz kitobni yakunlanishini xohlamay qolasiz, go'yo siz Graf bilan birga qadim Parij ko'chalarida kezib borasiz, Mersedesning iltijoli yuz qiyofasini hayotda ko'rganday bo'lasiz, uzoq ufqda ko'rinib turgan mash'um If qal'asi ko'rib junjikib ketasiz. Ammo ketish onlari yaqin. Bir kun kitob tugaydi va siz Graf Monte Kristoni tark etasiz. Ammo u sizni aslo tark etmaydi...

Men doimo obunachilarga, do'stlarimga shunchaki kitob o'qishni emas, balki yaxshi kitob o'qishni aytib kelaman. Va hozir ta'rif berib o'tgan Dyumaning ushbu asari bekorga jahon klasssikasi javohiri emas. Bunga o'zim ham kafil bo'la olaman.

Yaxshi kitob o'qing...

@panda_books