Get Mystery Box with random crypto!

​​Movarounnahr va Fors diyori o’rtasidagi qarama qarshilik XV- | Ostonov Minbari

​​Movarounnahr va Fors diyori o’rtasidagi qarama qarshilik XV-XIX asrlarni o’z ichiga oladi. Ularning to’qnash kelgan nuqtasi esa Xuroson ustidan hukmronlikni o’rnatish bo’lgan. Ikki tomon ham Xuroson uchun doimiy ravishda kurash olib borgan. Temuriylar davlati 1469-yilda amalda ikki mustaqil davlatga: Xuroson va Movarounnahrga bo’linib ketdi. 1500-yillardan Movarounnahrda Shayboniyxon boshliq o’zbeklar hukmronlikni qo’lga olgach, Xurosonni ham egllab, Temur davlatini qaytadan birlashtirish siyosatini olib borishga harakat qildi.

Bu paytda bugungi Eron hududida Shoh Ismoil Safaviy ham markazlashgan davlat tuzishga erishgan edi. Shu davrdan boshlab o’zbeklar va forslar Xuroson uchun o’zaro janglar olib borishgan. Bunday janglarning dastlabkilari 1506-1508-yillarga to’g’ri keladi. Bu davrda Xurosonda hali Temuriylarning so’nggi hukmdorlari hukm surar edi. Shu tariqa Shayboniyxon Xurosonni egallashga muvaffaq bo’ldi va uni o’z davlati tarkibiga qo’shib oldi.

Ammo 1510-1513-yillar oralig’ida Shayboniylar Xurosonni qo’ldan chiqara boshladi. Ayniqsa, 1510-yilgi Marv jangida Shayboniyxonning mag’lubiyati va shahid etilishi bu jarayonning kulminatsiyasi bo’lgan edi, desak mubolag’a bo’lmaydi. Keyingi yigirma yillar davomida Shayboniylar Xurosonni qaytadan egallashga harakat qildilar. Bunda asosiy figura Shayboniylarning eng buyuk liderlaridan biri Ubaydulloh Xon bo’ldi. U dastlab Buxoro voliysi, keyinchalik ulug’ xon sifatida faoliyat yuritdi.

Ubaydulloh Xon boshliq o’zbeklar Xurosonni besh marta egalladi: 1524-25, 1526-28, 1529-31, 1532-33 va 1535-38-yillarda. Ba’zan ular Astrobodgacha, ya’ni Kaspiy sohillarigacha bo’lgan to’liq hududlarni egallagan bo’lsa, 1529 va 1536-yillarda Hirotni ham egalladilar. Ammo 1528-yilgi Xusravjerd shahridagi jangda Shoh Tahmasp boshchiligidagi qizilboshlar hal qiluvchi g’alabaga erishdilar. Shu sanadan boshlab ular Xurosonni egallay boshladilar. O’zbeklar esa chekinib Balxgacha yetib keldilar. Xuroson hududidan faqatgina Balx Buxoro shayboniylari qo’lida qoldi xolos. 1526-yili Balx Buxoro ixtiyoriga o’tdi va shundan boshlab Xuroson uchun bo’lajak janglar uchun asosiy istehkom shaharga aylandi.

Amir Temurga buyuk muhabbati va hurmati bo’lgan Shayboniylarning eng yirik hukmdori Abdullaxon IIning buyuk jahongir davlatini birlashtirish orzusi 1588-yilda amalga oshdi. U aynan shu yili Xurosonni o’z davlati tarkibiga qo’shib oldi va bir ma’noda Temur davlatini qayta tikladi. Ammo uning vafotidan keyin 1598-yilda Safaviylarning shohi Abbos Xurosonni qaytadan egalladi va yuqorida ko’rganimiz Balxga yurish qilib uni egallamoqchi bo’ldi. Ammo Buxoro ulamolarining iltimosiga ko’ra davlat boshiga kelgan Ashtarxoniylarning yo’lboshchisi Boqimuhammadxon uni mag’lub etib, Balxni saqlab qoldi va Buxoroning avvalgi qudratini tiklashga muvaffaq bo’ldi.

Shu tariqa Xuroson Movarounnahrdan ajralib qoldi. XVI-XVIII asrlarda bir necha bor o’zbek xonliklari Xurosonni qaytadan egallashga harakatlar qilgan bo’lsalarda, Abdullaxon II va Ubaydullaxondan tashqari, uni to’liq egallashga muvaffaq bo’la olmadilar. Bu janglarda Safaviylar doim himoyachi taraf bo’lib kelganlar. Faqatgina Nodirshoh Afshor Movarounnahrgacha kirib kela olgan xolos. Bunisi endi boshqa mavzu.

@ostonovminbari