Get Mystery Box with random crypto!

5-iyun - Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuni TABIAT MA | 📚ONA TILI — MILLAT RUHI.🌿 O‘ZBEKISTON FILOLOGLARI🕊

5-iyun - Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuni

TABIAT MADHI

Koʻzimga toʻtiyo tuprogʻim mening,
Toʻrt fasli rango-rang gulbogʻim mening,
Avvalim, oxirim, panohim mening,
Nurafshon makonim, jonimga payvand -
Ona tabiat.

Bir tomonda - voha, bir tomon - vodiy,
Anhorlari zilol, osmoni moviy,
Shovullagan bogʻlar - jannat - ilohiy,
Yurtim jamoliga koʻrk qoʻshgan ziynat -
Ona tabiat.

Nish urgan har giyoh jismingga malham,
Toʻyib boqsang, ruhing topar xotirjam,
Yaratganning kashfi - bunda hikmat jam,
Zavqlanib yashashga chorlaydi faqat
Ona tabiat.

Jilgʻalar - mugʻanniy, qushlar - gʻazalxon,
Toshdan toshga sakrar ohu bearmon,
Togʻlar havosidan orom olar jon,
Alloh ato etgan tabarruk neʼmat -
Ona tabiat.

Gohida boshimni silagan onam,
Goho mendan mehr soʻragan bolam,
Koʻksida ming tilsim, ming sirli olam -
Dunyoni lol etgan betakror hayrat -
Ona tabiat.

Inobat RIZAYEVA.

Kanalimizga a'zo bo‘ling!
 @ONA_TILIM_MILLAT_RUHI