Get Mystery Box with random crypto!

​​ Zanjabilning shifobaxsh xususiyatlari ! • Shifobaxsh xusus | Qur'on Mo'jizalari 🔍

​​ Zanjabilning shifobaxsh xususiyatlari !

Shifobaxsh xususiyatlarga boy zanjabil haqida Alloh taolo Qur’oni Karimda jannat egalariga berilgan xushxabarlarda: «Va ular u(yer)da aralashmasi zanjabiyl bo‘lgan qadahdan sug‘orilurlar», (Inson surasi, 17-oyat) deya marhamat qiladi.

Ko‘p yillik hisoblangan bu o‘simlik asosan tropik va subtropik o‘lkalarda keng tarqalgan. Vatani Janubiy Osiyo bo‘lib, hozir u Xitoy va Hindiston, Indoneziya va Avstraliya, Gʻarbiy Afrika, shuningdek, Yamayka va Barbados orollaridagi tropik va subtropik hududlarda o‘stiriladi.

Zanjabil ilmiy tilda «Zīngiber officināle» deb atalib, sanskritchada «shoxli ildiz» degan ma’noni anglatadi va universal dori vositasi sifatida keng qo‘llanadi. U ortiqcha vazndan tez va oson xalos bo‘lishda samarali natija berishi bilan birga shamollash va boshqa kasalliklarning oldini olishda ham juda foydali.

Qadim zamonlardan beri insonlar bu shifobaxsh o‘simlikdan turli xastaliklarni davolashda qo‘llab kelishadi. Ayniqsa, u yuqori haroratni tushirib, ishtahani ochadi, insonga tetiklik baxsh etadi. Tarkibida biriktiruvchi moddalar va gingerol mavjudligi unga o‘ziga xos yoqimli hid berib turadi. Uning qator foydali xossalarga egaligi ham shundan kelib chiqadi. Shuning uchun ham arablar uni taomlarga qo‘shib iste’mol qilishni xush ko‘rishgan.

Abu Ali ibn Sino «Tib qonunlari» asarida ko‘plab xastaliklarda qo‘llanadigan malhamlarni tayyorlashda ular tarkibiga zanjabil qo‘shish lozim, deb yozgan.

— Jigarni tozalab, zaharli moddalarni chiqarib yuboradi.
Jigarni yiliga bir-ikki marta tozalab turish zarur. Bu hayotiy muhim a’zo qonni filtrlab, qon-tomir tizimidagi zararli va zaharli moddalarni chiqarib yuborish uchun xizmat qiladi. Zanjabilli choy ichilganida uning tarkibidagi zanjabil va dolchin birikmasi jigarni tozalaydi. Natijada jigarning ishlashi me’yorlashib, vazifasini faol bajarishga o‘tadi.

— O‘t pufagini sog‘lomlashtiradi.
O‘t pufagida tosh paydo bo‘lgan kishilar zanjabilli choydan muntazam ichib yursalar, ham jigarlarini himoyalashadi, ham o‘t pufagini ravon ishlashini ta’minlashadi.

— Tanani qizdiradi.
Qaynoq zanjabilli choy ichilganida tana qiziydi va sovuqdan himoyalanadi. Shuning uchun ham uni sovuq va rutubatli havoda iste’mol qilish, ayniqsa, yoqimli. Qizdirish xususiyatiga ega bo‘lgani uchun zanjabil tanadan ortiqcha kaloriyaga ega keraksiz quvvatni haydaydi, me’yoriy haroratni saqlashga yordam beradi.

— Ovqat hazm qilishni yaxshilaydi.
Ovqat hazm qilishda muammosi bor kishilar oshqozon-ichak yo‘llari faoliyatini yaxshilash maqsadida bu choydan ichishlari mumkin. U ichki a’zolardagi shamollashlarni oladi, qorin dam bo‘lishidan hamda yeldan xalos etadi.

— Immun tizimini mustahkamlaydi.
Zanjabil, ayniqsa, kaliy, fosfor va S vitaminiga boy. Ma’lumki, bu moddalar immunitetni mustahkamlashda, gripp va shamollashning oldini olishda viruslariga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega. Bu choyni tayyorlash juda oson, buning uchun 1 bo‘lak zanjabil ildizi (2 sm atrofida), 1 bo‘lak dolchin, yarimta limon va 1 stakan suv (250 ml) kifoya. Bularning hammasini choynakka solib, ustidan qaynoq suv quyiladi va dam yeyishi uchun o‘rab qo‘yiladi.

Kimlarga tavsiya etilmaydi.?

Zanjabil va dolchin oshqozonni ko‘plab kasalliklardan himoya qilsa-da, ovqat hazm qilish tizimida muammosi bor kishilarga tavsiya etilmaydi, chunki zanjabilning ham, dolchinning ham tarkibida kuchli qo‘zg‘atuvchi moddalar mavjud.

Shuningdek, homilador ayollar, yosh bolalar va kuchli antikoagulyant dorilar qatoriga kiruvchi aspirin, varfarin, tiklopidin yoki geparin kabi dorilar ichib yuruvchi kishilar ham uni iste’mol qilmaganlari ma’qul. Choyni iste’mol qilganidan keyin o‘zida nojo‘ya ta’sirini sezgan kishilar davolovchi shifokor bilan maslahatlashishlari maqsadga muvofiq.

Har narsaning yaxshi va yomon taraflari bo‘lgani kabi bu o‘simlik turini ortiqcha iste’mol qilish ham tomoq va oshqozon osti bezining yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin.

Nozima Umarali qizi «Hilol» jurnalining 2(23) sonidan.


@miracles_of_quran