Get Mystery Box with random crypto!

​​ Nabaviy tabobat va zamonaviy tibbiyot ! Ma’lumki, tibb | Qur'on Mo'jizalari 🔍

​​ Nabaviy tabobat va zamonaviy tibbiyot !

Ma’lumki, tibbiyotda shaxsiy gigiyena deb ataluvchi tushuncha mavjud. Shaxsiy gigiyena har bir kishining o‘ziga va yoshiga bog‘liq bo‘lib, aqliy va jismoniy mehnatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish, vaqtida ovqatlanish, uxlash, mehnat va dam olishni to‘g‘ri uyushtirishdan iborat.

Bunda badan, kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shak, turar-joy, taom tayyorlash gigiyenasi, ya’ni pokizalikka katta e’tibor berish lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida esa “poklik iymondandir”, “pok bo‘linglar, chunki poklik Islomdir”, ya’ni poklik insonni iymonga chaqiradi va iymon o‘z egasi bilan jannatda birga bo‘ladi, deb marhamat qilganlar.

Shaxsiy gigiyenaning birinchi talablaridan biri, badanni toza tutishdir. Ma’lum bo‘lishicha, yog‘ bezlari bir haftada teri ostiga 100-300 gramm yog‘, teri bezlari esa 3,5-7 litrgacha ter ishlab chiqarar ekan. Shuning uchun kishi kamida haftada bir marta hammomda yuvinishi lozim. Aks holda badanning mikroorganizmlarga qarshi kurashish va himoyalanish funksiyasi susayib, turli yiringli yara-chaqalar paydo bo‘ladi.

Har juma kuni g‘usl qilish sunnatdir. Kuniga besh mahal tahorat qilish va juma kuni g‘usl qilish, farz va sunnat amallarni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, shaxsiy gigiyena ozodalik shartlari bilan bir-biriga bog‘liqligini ko‘rsatmoqda. Shaxsiy gigiyena aqliy va jismoniy mehnatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish “erta tur va erta yot” degan hadis bilan to‘g‘ri keladi. Yaxshi dam olgan kishi, yaxshi ishlaydi va yaxshi fikrlaydi.

Agar kishi kun tartibini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya bilsa, hamma ishga ulgura oladi. “Hamma ishlaringizni tongda qilinglar, chunki tongda uxlash rizqni qirqadi”, degan ma’nodagi hadis bor. Bomdod namozidan keyin qilingan ish barakotli bo‘ladi.

Germaniyalik olimlarining aytishicha, kishining aqliy va jismoniy mehnati asosan ertalab 4 soat davomida eng unumli bo‘lishi qayd qilingan. Shuning uchun Germaniyada hamma o‘quv tizimida – maktab va oliy o‘quv yurtlarida darslar barvaqt boshlanib, ertalab 10:00 da tugar ekan.

Jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish borasida to‘xtaladigan bo‘lsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Oisha roziyallohu anho yugurish bo‘yicha musobaqa qilishganida Oisha onamiz o‘zib ketganlar. Keyinroq yana musobaqalashganlarida Oisha roziyallohu anhodan Rasululloh alayhissalom o‘zib ketganlar. Sababi, Oisha onamiz birmuncha to‘lishib qolgan edilar.

Shuningdek, yugurish bo‘yicha yosh bolalar musobaqasini uyushtirganlari haqida ham rivoyatlar bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farzandlaringizni kamondan o‘q otishga, suzishga, chavandozlikka o‘rgatinglar”, deya marhamat qilganlar. Kuchli mo‘min Allohga mahbub bo‘lsa, bunday fazilatga ega bo‘lish har bir mo‘min uchun zarur.

Ovqatni vaqtida va me’yorida yeyish borasida dinimizda kerakli ko‘rsatmalar kelgan. Poklik asosiga qurilgan shariati islomiyada ovqatdan oldin va keyin qo‘llarni yuvish va og‘izni chayish sunnat hisoblanadi. Biz qo‘limiz bilan ko‘p narsalarni ushlaymiz, shunda xar xil mikroblar qo‘limizga o‘tgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun qo‘lni yuvib ovqatlanish maqsadga muvofiq.

Nima uchun qo‘llarni ovqatlanib bo‘lganimizdan keyin ham yuvamiz? Rasuli akram: “Ovqatdan so‘ng qo‘l yuvmasdan va og‘iz chaymasdan uxlab qolsangiz, kasallikdan ehtiyot bo‘ling”, deya ogohlantirganlar.

Tibbiyotda esa, chala artilib yuvilmagan qo‘lning teri qavatidagi yog‘lar har xil bakteriyalar uchun ozuqa manbai bo‘lishi aytilgan. Qo‘l yuvilgandan so‘ng artmaslik sunnatdir. Bu sunnatni Yapon olimlari tekshirib ko‘rishganda, yuvilgan va artilmay quritilgan qo‘l pok bo‘lishi, yuvilib sterillangan, salfetkaga artilgan qo‘lda esa mikroblar uchrashi ma’lum bo‘ldi.

www.islom.uz


@miracles_of_quran