Get Mystery Box with random crypto!

​​ Qora dona (SEDANA) – ming dardga shifo ! Arabcha matnl | Qur'on Mo'jizalari 🔍

​​ Qora dona (SEDANA) – ming dardga shifo !

Arabcha matnlarda «al-habba as-savdaa» nomi ila zikr qilingan narsani biz so‘zma-so‘z «qora dona» shaklida tarjima qildik, chunki ushbu «qora dona» nima ekani haqida ulamolarimiz ko‘p tortishganlar.

Ko‘pchilik uning «shunbiz» nomli qora rangli dona ekanini ta’kidlagan. Aslida u qoramtir yashil bo‘lar ekan-u, lekin ko‘pchilik «qora» sifatini aytishga odatlangan ekan. U «qora zira», «hind zirasi» deb ham atalar ekan. Bizda «sedana» ham deyiladi.

Qadimgi hadis sharhi kitoblarida va tib kitoblarida bu narsani qanday qilib ishlatilsa, qaysi dardga davo bo‘lishi haqida sahifa-sahifa ma’lumotlar yozilgan. Bizning maqsadimiz boshqa bo‘lgani uchun bu vasflarni chetlab o‘tamiz.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qora dona o‘limdan boshqa har bir dardga davodir», dedilar». Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilishgan. Termiziyning lafzi quyidagicha: «Sizlar mana bu qora donani lozim tutinglar. Chunki unda somdan* boshqa barcha dardga shifo bor. *Som – o‘limdir».

«Ibn Abu Atiyq roziyallohu anhu bir bemorning oldiga kirdi va: «Sizlar mana bu qora donachani lozim tutinglar. Undan besh yoki olti dona olib, maydalab tuyinglar. So‘ngra zaytun yog‘i bilan qo‘shib, uning burniga – mana bu tarafga, mana bu tarafga tomizinglar. Oishaning menga aytishicha, u Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Mana bu qora donada somdan boshqa barcha dardga shifo bor» deganlarini eshitgan ekan», dedi. «Som nima?» degan edim, «O‘lim», dedi». Buxoriy rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi shariflarda «qora dona» ning o‘limdan boshqa barcha dardlarga davo ekani qayta-qayta ta’kidlanmoqda. Bu ma’noni qanday tushunmoq kerak?

Ulamolarimiz bu savolga atroflicha javob berganlar. Ularning hamma javoblarida ham ushbu hadisi shariflar ma’nosini sirtdan ko‘ringandek tushunmaslik kerakligi ta’kidlangan.

Xattobiy: «Bu yerda umumiy gapirib, xususiyni iroda qilish qoidasi ishlatilgan. Bu yerda «hamma dardlar» deyishdan rutubat va balg‘amdan kelib chiqadigan xastaliklar iroda qilingan», degan ekanlar.

Abu Bakr ibn Arabiy esa: «Tabiblar nazdida «qora dona»dan ko‘ra asal barcha dardga davo bo‘lishga yaqinroq. Shunday bo‘lsa ham, ba’zi xastalikka yo‘liqqan kishilar asal ichsalar, ozor topadilar. Alloh taolo «Asalda odamlar uchun shifo bor», degan bo‘lsa ham, uning aksariyat hollardagi shifo bo‘lishi ma’nosida tushunilgandan keyin «qora dona»ni ham shunga yaqin ma’noda tushunish lozim», degan.

Boshqalar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam davoni xastaning holiga qarab turib vasf qilar edilar. U zotning «qora dona» haqida aytgan gaplari ma’lum kishilarga tegishli bo‘lgan», deganlar.

Ushbu fikrlarni jamlab, hammasi ham to‘g‘ri fikr ekanini tasdiqlasak, yaxshi ish qilgan bo‘lamiz. Yana qo‘shimcha ravishda ta’kidlamog‘imiz lozimki, haqiqatda, «qora dona» o‘sha vaqtda, o‘sha muhitda mavjud bo‘lgan ko‘plab xastaliklarga davo bo‘lganini tabiblar tasdiqlaganlar.

Hozirgi zamonda esa «Qur’on va Sunnatdagi ilmiy moʻjizalar hay’ati» harakati bilan o‘tkazilgan ilmiy bahslar ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «qora dona» haqida aytgan hadisi shariflari tibbiy moʻjiza ekanini tasdiqladi. Bu haqida alohida kitob ham chop etildi.

* Sizlarga yana qo'shimcha ma'lumotlarni keltirib o'tamiz.

Abdulloh domla-Sedana haqida
Sedananing foydali xususiyatlari

“Qur’on va Sunnatdagi ilmiy moʻjizalar” kitobidan

@miracles_of_quran