Get Mystery Box with random crypto!

#JARAYON Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘ri | QURILISH VA UY-JOY KOMMUNAL XO'JALIGI VAZIRLIGI

#JARAYON

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva, Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Habibulla Mirsoatov, Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari poytaxtimizning Yashnobod tumanida faoliyat olib boruvchi "Olmos" boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan tanishdilar. Mutasaddilar faoliyatini endi yo‘lga qo‘yayotgan boshqaruv tashkiloti vakillariga aholiga xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha zarur tavsiyalarini berdilar.
Shuningdek, tuman aholisi bilan "O‘z uyingni o‘zing obod qil" mavzusida suhbat o‘tkazildi. Unda ko‘p qavatli uy taqdiriga befarq bo‘lmaslik, yosh avlodga kommunal madaniyat tushunchalarini singdirish, ularda o‘z uyiga, shu bilan birga umumfoydalanishdagi mulkka nisbatan ehtiyotkorlik munosabatlarini shakllantirish lozimligi bo‘yicha ma’lumotlar berildi. O‘z o‘rnida aholining sohaga oid muammo va takliflari qabul qilindi. Ularning yechimi nazoratga olinishi alohida ta’kidlandi.
"Olmos" BSK tumandagi 70 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatib keladi. Bugungi kunda aholining debitor qarzdorligi 500 mln so‘mni tashkil etmoqda. Ozoda Jo‘rayeva aholi bilan suhbat davomida ana shu jihatga ham to‘xtalib o‘tdi.
- Men ko‘p ta’kidlayman, qars ikki qo‘ldan chiqadi. Majburiyatsiz huquq mavjud emas. Qachonki, fuqarolarimiz o‘z vaqtida to‘lov qilsa, xizmat sifati oshadi. Shu bois boshqaruv tashkilotining aholi oldidagi hisobdorligini oshirish kerak. Shunda aholimiz nima uchun pul to‘layotganini biladi,- dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Mutasaddilar boshqaruv tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarida ham faol ishtirok etib, hududlarni obodonlashtirishga hissa qo‘shdilar. Shuningdek, tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga uyidan chiqmagan holda faoliyat olib borishini ta’minlash uchun kompyuterlar sovg‘a qilindi.