Get Mystery Box with random crypto!

20-mavzu MUZEYLAR – MOZIYDAN SO‘ZLAR MUSEYONDAN BOSHLANGAN | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

20-mavzu

MUZEYLAR – MOZIYDAN SO‘ZLAR

MUSEYONDAN BOSHLANGAN EDI...
O‘tgan asrning 80-yillarida O‘zbekistonda 33 ta muzey mavjud bo‘lgan. 2000-yilda muzeylar soni 88 taga, 2010-yilga kelib esa 105 taga yetgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda 134 ta muzey faoliyat ko‘rsatadi. Ularning 17 tasi tarix, 27 tasi o‘lkashunoslik, 10 tasi badiiy, 24 tasi memorial, 8 tasi adabiyot, 4 tasi aniq fanlar va 44 tasi boshqa sohalarga bag‘ishlangan muzeylar hisoblanadi. Ushbu muzeylarda o‘zbek va jahon xalqlari tarixi va madaniyatiga doir jami 2.158.400 ta turli eksponatlar saqlanadi.

Dastlabki muzeylar (yunoncha «museyon») bundan ikki yarim ming yil ilgari, antik davrda Yunonistonda vujudga kelgan. Bu qadim yurtda museyon deb muzalar, ya’ni yunon ma’budalari sha’niga tabiat qo‘ynida – tog‘ etaklari, daryo va ko‘l bo‘ylarida, bog‘-u rog‘larda barpo etilgan maskanlarga aytilgan. Museyonlar ibodatxona vazifasini ham o‘tagan. Ushbu maskanlarda ko‘pincha shoirlar, faylasuflar, san’at ustalari yig‘ilishgan, go‘zal ma’budalar haykallari ularga ilhom bag‘ishlagan.

Vaqt o‘tishi bilan museyonlar yo‘q bo‘lib ketdi. «Museyon» atamasi esa «muzey» so‘zi bilan almashdi va XVI asrdan boshlab, G‘arbiy Yevropada noyob buyumlar, san’at asarlari saqlanadigan joylarga nisbatan aytila boshlandi. Oldinlari faqat ma’lum bir shaxslar uchun xizmat qilgan muzeylar asta-sekin ommaviylashib bordi va jamiyat madaniyatining ajralmas bir qismiga aylandi.

XV–XVI asrlarda Fransiya, Angliya, Germaniyada muzeylar tashkil etildi. Londondagi Britaniya muzeyi (1753), Parijdagi Luvr muzeyi (1793) g‘arbiy Yevropadagi ilk omma viy muzeylardir. Jahondagi eng yirik muzeylar asosan XIX asrda paydo bo‘ldi. Madriddagi Prado muzeyi (1819), Moskvadagi Tarix muzeyi (1873), Sankt-Peterburgdagi Ermitaj (1852), Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyi (1870) shular jumlasidan.

O‘ZBEKISTONDA MUZEYLAR
Ba’zi manbalarda mamlakatimizda ilk muzey rasman 1876-yilda tashkil etilgan Toshkent muzeyi (hozirgi O‘zbekiston tarixi muzeyi) deb hisoblanadi. Vaholanki hozirgi muzeylarga xos kolleksiyalar, xususan noyob qo‘lyozmalar, miniatyuralar va boshqa san’at asarlarini to‘plash Markaziy Osiyoda ilk Uyg‘onish (Renessans) davriga (IX–X asrlar) borib taqaladi. Buxorodagi Somoniylar kutubxonasi, Mahmud G‘aznaviyning saroy kutubxonasi, Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi o‘z davrining eng noyob kitoblarini (shu jumladan, arxiv hujjatlarini) to‘plagan, butun Sharqqa dong‘i ketgan ilmiymadaniy markazlar bo‘lgan.

XIV asr oxirida Sohibqiron Amir Temur tomonidan yagona markazlashgan davlat tuzilishi va Samarqandning poytaxt qilinishi bu yerda katta madaniy boyliklarning to‘planishiga imkon berdi. Amir Temur o‘z saltanati poytaxtiga qadimiy qo‘lyozmalar, hukmdorlarga tegishli yozishma va elchilik hujjatlari, xususan, musulmon dunyosining muqaddas kitobi bo‘lmishi «Usmon Mushafi»ning (VII asr) asl nusxasini keltirdi. Dunyoga mashhur Temur kutubxonasini barpo etdi.

Uning sevikli nabirasi Mirzo Ulug‘bek ushbu kutubxonani yanada boyitdi. Temuriyzoda Shohruxning o‘g‘li shahzoda Boysung‘ur mirzo ham Hirotda o‘z davrining eng boy saroy kutubxonalaridan birini barpo etdi. Bu yerda ko‘plab mashhur olimlar, xattotlar, nafis surat ustalari, rassomlar, zarhalchilar, muqovachilar ijod qilgan. Kutubxonada faqatgina qo‘lyozmalar to‘planib, ko‘chirilmasdan, matn shunoslik tadqiqotlari ham olib borilar edi. 1442-yil ushbu kutubxonada Firdavsiyning «Shohnoma» asari to‘la matnda ko‘chirib yozildi. Alisher Navoiyning juda katta nodir qo‘lyozmalarga boy shaxsiy kutubxonasi bo‘lganligi ma’lum. Bu kutubxonadan tarixchi Xondamir, musavvir Behzod va boshqa olim-u fozillar foydalangan.