Get Mystery Box with random crypto!

18-mavzu XOTIRA VA QADRLASH – MILLIY QADRIYAT Xotira – inso | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

18-mavzu

XOTIRA VA QADRLASH – MILLIY QADRIYAT


Xotira – insonning insonligini anglatuvchi, uni o‘tmish bilan bog‘lab turuvchi buyuk qadriyat. U kechagi kun saboqlarini yodga solib, bugungi kunimizni, istiqbolimizni qadrlashga o‘rgatadi. Inson, millat va xalq tarixiy xotirasi bilan barhayot.

Har bir xalqning ma’naviy qadriyatlari bo‘ladi. Bugungi yorug‘ kunlarga yetib kelishimizga o‘z hissasini qo‘shgan, Vatan ozodligi, yurt mustaqilligi uchun jonini fido qilgan, chunonchi, Ikkinchi jahon urushida mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsatgan vatandoshlarimiz xotirasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ayni chog‘da, o‘zlarining ibratli ishlari bilan el-yurt tinchligi, xalqimiz hayotining farovonligi yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilayotgan, yosh avlod tarbiyasiga munosib hissa qo‘shayotgan nuroniy otaxon-onaxonlarni, ustoz-murabbiylarni qadrlash bizning ana shunday qadriyatlardan biri hisoblanadi.

Ajdodlarni xotirlash, ezgu ishlarini yodga olish, qolaversa, keksalik gashtini surayotgan faxriylarimizni ardoqlash, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish mustaqillik yillarida davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Aslida, har qanday urush ba¬shariyat uchun ulkan fojia. Ikkinchi jahon urushi esa insoniyat tarixidagi eng katta, eng mash’um qirg‘in. Olti yil davom etgan bu urushda o‘sha paytda dunyodagi 73 ta davlatdan 62 tasi, Yer yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgan. Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alaridagi 40 ta davlatni bevosita qamrab olgan qurolli to‘qna¬shuvlarga 110 million kishi safarbar qilingan, jami 70 million kishi halok bo‘lgan.

Ota-bobolarimiz Ikkinchi jahon urushida chinakam mardlik ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga ulkan hissa qo‘shdilar. 120 mingdan ziyod o‘zbekistonlik askar va ofitserlar ko‘rsatgan jasorati uchun jangovar orden va medallar bilan mukofotlandi.

Urushning ilk kunlaridanoq O‘zbekiston ichki ishlar organlarining ko‘plab mard xodimlari ham o‘z ixtiyori bilan frontga otlandi. 1941-yilning o‘zida Toshkent o‘rta-maxsus militsiya maktabi tinglovchilarining 60 foizi, komandir-o‘qituvchilarining 30 foizi, Samarqand viloyati ichki ishlar organlaridan 1489 nafar, Tosh¬kent temiryo‘l militsiyasi bo‘limining 204 nafar xodimi o‘zbek milliy diviziyasi, shuningdek, general Panfilov diviziyasi safida jangga kirdi. Ular o‘z hayotini xavf-xatarga qo‘yib, Ukraina, Belorussiya, Leningrad, Xarkov, Kursk yoyi, Shimoliy va G‘arbiy frontlarda fa¬shistlarga qarshi janglarda yuksak qahramonlik va jasorat namunalarini ko‘rsatdilar.

Ularning ayrimlari frontdan sog‘-omon qaytib, ichki ishlar organlarida xizmatni davom ettirdi. Janglarda toblangan irodasi, fidokorona mehnatlari evaziga rahbarlik lavozimlariga ko‘tarilib, polkovnik, general unvonlarigacha bo‘lgan sharafli yo‘lni bosib o‘tdi.

Ta’kidlash kerakki, 9-may – Xotira va qadrlash kuni bugun chinakam milliy – umumxalq bayramiga aylandi. Shu kuni Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar yodga olinadi, hayot bo‘lganlarining holidan xabar olinib, ularga yuksak ehtirom ko‘rsatiladi. Shu bilan birga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish idoralari, jumladan, ichki ishlar organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi.