Get Mystery Box with random crypto!

16-mavzu MUHAMMAD YUSUF – VATAN KUYCHISI Sen Xo‘jandsan, Chi | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

16-mavzu
MUHAMMAD YUSUF – VATAN KUYCHISI


Sen Xo‘jandsan,
Chingizlarga
Darvozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig‘i
Olovlarga sachragan
Shiroqlarni ko‘rgan cho‘pon
Cho‘lig‘imsan, Vatanim!

«Vatanim» she’rida shoir ona yurtiga cheksiz muhabbatni ifoda qilib, Temurmalik, Shiroq jasoratini, Balxda dorga osilgan Mashrab kimligini ko‘rsatib beradi. Husayn Boyqaro yonida turib faqirlarga ko‘mak bergan Navoiy bobomizning ezgu ishlaridan ruhlanadi. Kurdistonda Jaloliddin, Hindistonda Bobur asos solgan saltanatdan faxrlanadi. Ulug‘bek Mirzo qoldirgan ilmiy-ijodiy merosning davomchilari ekanini anglaydi. Axir, bizga mana shu ajdodlarimizning qo‘rqmasligi, qahramonliklari bugungi tinch-osoyishta, farovon hayotni, o‘z diyorimizda ozod va erkin yashash imkoniyatini bermadimi?
Har bir insonning yuragining tubida, qonida vatanparvarlik bor. Chunki Vatanni sevish yo himoya qilish istagi hech qanday majburiyatlarga aloqasi bo‘lmagan yuksak va tabiiy tuyg‘u. Muhammad Yusuf bu haqda shunday deydi: «She’r yozish ham o‘zing bilmay birovga yaxshilik qilishdek gap. Haqiqiy she’riyat hamisha oyoq ostida. Misralar qulundek tuproqqa ag‘anab yotishibdi. Tur, toychoq, chopamiz, desang bas. Biz ham bir zamon bir oyoq ostiga boqib she’r topamiz. Keyin uning changini qoqamiz va qancha ko‘p qoqsak – shuncha ko‘p yo‘qotamiz...»

Shoir uchun o‘zlikni anglash, ona tilining go‘zalligi va boyligini bilish manbasi uni ijod cho‘qqisiga ko‘taradi. Masalan, Vatan so‘zi ustida Muhammad Yusufning yuragi o‘ynab turadi. U tuyg‘ularini bezashga harakat qilmaydi. Buning keragi ham yo‘q. Uning tasavvurida Vatan timsoli allaqachon ideal. Kamchilik, illatlariga qaramay, har bir giyohi, daraxti, guli, toshini yaxshi ko‘radi. Shundan she’rlariga muhabbat, g‘urur va hayrat singib ketgan.

Yorug‘ yuzim,
Ko‘k yorishib
Ketgaydir bir jilmaysang,
Dunyolarni oqqa o‘rab
Qo‘yganingni bilmaysan,
Uyingda ham,
To‘yingda ham
Paykalingni o‘ylaysan,
Sodda dil – imonim mening,
Bobodehqonim mening...

«Bobodehqonim» she’ri ham qishloq odamlarining yorqin obrazi. U orol qurishi, oila, o‘zbek dehqonlarining qismati, milliylikka e’tibor kamaygani, qay biri haqida qayg‘urmasin, xalqning yuragida jo‘sh urgan kechinmalarni qalamga oladi.

Shoir she’rlarining zamon bilan hamnafasligi va barhayotligi shundaki, u, birinchi navbatda, Vatanga «O, ota makonim» deb murojaat qiladi. Yer yuzidagi eng aziz va yaqin inson – «onasi»ga tenglashtiradi. Uni sevish va himoya qilishni muqaddas burch, deb biladi. Vatan bitta, deb hisoblaydi. Shoir uchun dunyoda Vatandan qimmatli va muhimroq narsa yo‘q.

U hayotini usiz tasavvur qilolmaydi:
Bildimki, baridan ulug‘im o‘zing,
Bildimki, yaqini shu tuproq menga.
Bahorda baxmalda tug‘ilgan qo‘zing,
Arab ohusidan azizroq menga!

Shoir «O‘zbekiston» she’rini ham o‘zi sevgan Vatanga bag‘ishlaydi.
U mustaqil yurtni, ozod xalqni ko‘rdi. Mustaqillik bayramlarida qo‘shiqlari baralla yangradi. Bu dorilamon kunlarni o‘zining emas, xalqining katta orzusi, hayotidagi muhim hodisa, deb biladi. She’rlarining lirik qahramoni sayyohatga chiqqanda ham bir kun bo‘lmay, o‘z uyini sog‘inadi. Shu kichik go‘sha orqali katta yurtni ko‘radi, uning mas’uliyatini his qiladi. Inson qayerga bormasin, qanday o‘zgarmasin, uning yuragida qishlog‘i, ota-onasi, yor-u do‘stlariga bo‘lgan muhabbat yashaydi. Aynan, shu mehr, oqibat, yurt sog‘inchi insonga kuch beradi. Bu balandparvoz gaplarmas, Muhammad Yusuf himoya qilgan oddiy haqiqatlar.

Shoirlar bilan hech oshnoligim yo‘q,
Men yorug‘ dunyoda ko‘ngil quliman.
Osmonga qarasam ko‘rinar tuproq,
Maysaga termulib oyna ko‘raman.