Get Mystery Box with random crypto!

15-mavzu DAVLAT DASTURI – MAMLAKAT TARAQQIYOTI KAFOLATI O‘z | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

15-mavzu
DAVLAT DASTURI – MAMLAKAT TARAQQIYOTI KAFOLATI


O‘z kelajagini farovon, tinch ko‘rishni xohlaydigan har bir shaxs o‘z istiqbolini oldindan rejalashtiradi, buning uchun tegishli ustuvorliklar, maqsad va vazifalarni belgilab oladi. Bugun kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatini anglagan har qanday davlat ham fuqarolarining munosib hayot kechirishini ta’minlash uchun ularning farovonligini ko‘zlab o‘z oldiga muayyan ustuvor yo‘nalishlarni, maqsad va vazifalarni qo‘yadi.

Davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida aks etgan insonparvarlik siyosati, «inson qadri uchun» tamoyili ijrosi yo‘lidagi dadil qadamlar, yaqin kelajakda amalga oshiriladigan keng ko‘lamli islohotlar, aniq maqsad va vazifalar xalqimiz hayotiga yangicha mazmun baxsh etishi bilan ahamiyatlidir.

Xalqimizning kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, kambag‘allikni qisqartirish, «yashil iqtisodiyot» tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ekologik holatni yaxshilash, suv va boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish standartlarini keng joriy qilish hamda xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, ta’lim sifatini ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, qisqa qilib aytganda, jamiyatdagi barcha sohalarni Yangi O‘zbekistonga mos ravishda yangi bosqichga olib chiqishni o‘zida mujassam etgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi Prezident farmoni mamlakatimizni kelgusida rivojlantirishning muhim ahamiyatga molik dasturilamal hujjatidir.

Aytish joizki, dastur har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlashga xizmat qiladi.

Davlat dasturi 5 ta yo‘nalish, 100 maqsaddan iborat bo‘lib, ushbu maqsadlarga erishish uchun 400 dan ortiq vazifani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Xalq bilan ochiq muloqot natijalari asosida tayyorlangan ushbu hujjatning pirovard maqsadi barcha sohalarni rivojlantirish orqali xalqimizning farovonligini oshirish va kundalik hayotidagi muammolarni hal etishni o‘z ichiga olgan.

Xususan, unda 2024-yil 1-martdan boshlab mahalla, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar tizimida mukofot jamg‘armasi 600 million so‘m miqdorida bo‘lgan xorijiy tillar bo‘yicha tanlovlar, kibersport musobaqalari va «Zakovat» intellektual o‘yinlarini yuqori saviyada tashkil etish, shuningdek, kasblar tanlovlarini o‘tkazish va unda g‘olib bo‘lgan yoshlarni o‘z hududlarida jihozlangan ustaxonalar bilan ta’minlash, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizini yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltirish,
2024-yil 1-iyundan boshlab «Yosh tadbirkor» tanlovlarini o‘tkazib borish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning bilimlarni baholash tizimini qo‘shimcha mingta umumiy o‘rta ta’lim muassasasida joriy qilish va fanlardagi amaliy mashg‘ulotlar ulushini 60 foizgacha oshirish, shu bilan birga, 7,5 ming nafar yoshni zamonaviy kasblarga o‘qitish, xalqaro imtihon tizimlarida chet tillari bo‘yicha yuqori ball olgan 6 ming nafar yoshning imtihon xarajatlari qoplab berilishini ta’minlash, 2024-yil 1-sentabrdan boshlab Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida umumiy o‘rta ta’lim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi ta’lim sifati va samaradorligi yanada oshishiga xizmat qiladi.