Get Mystery Box with random crypto!

12-mavzu KINO SAN’ATINING YOSHLAR TARBIYASIGA TA’SIRI Hayot | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

12-mavzu

KINO SAN’ATINING YOSHLAR TARBIYASIGA TA’SIRI


Hayotimizga internet kirib kelishi, taraqqiyotning jadallashuvi oldimizga avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan bebaho an’ana va qadriyatlarimizni asrab qolish vazifasini qo‘ymoqda. Mamlakatimizda bugungi kunning eng dolzarb masalalarini hal etish borasida maqsadli qadamlar tashlanmoqda. Galdagi vazifa esa ularning ijrosi, amaliyotga tatbiq etilishidir.

Kino san’atining yoshlar tarbiyasiga ta’siri haqida so‘z borarkan, ko‘pchilikning tili uchida turgan gaplarni aytishga burchlimiz. Ta’kidlash joizki, milliy kino san’atimizning eng katta auditoriyasini yoshlar tashkil etadi. Kelajagimiz egalarining ma’naviyatini oshirishga, tarixiy qahramonlik, millatimizga xos bo‘lgan milliy jasorat, vatanparvarlik, yurtga sadoqat mavzularida kinofilmlar yaratishga katta ehtiyoj paydo bo‘lgan. Sababi bugungi davr yoshlari tarbiyasida bo‘shliqlar bor, ular ongini, qalbini «ommaviy madaniyat» egallashga ulgurdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarda qisqa metrajli, sayoz vaynlar ko‘ruvining ortib borayotgani esa yana tashvishlanarlidir.

«Tik-tok», «Instagram», «Twitter» ijtimoiy tarmoq sahifalariga kirgan odamga, ayniqsa, bu yaqqol seziladi. Aslida virtual tarmoq millat yoshlarining o‘zligini namoyon etishi uchun cheksiz maydon hisoblanadi. Lekin undagi ma’nisizlik, tarbiyasizlikdan ko‘nglingiz ozadi, yengil-yelpi qo‘shiqlar, roliklarni ko‘rishga ishtiyoqmandlar ko‘p. Bu imkoniyatdan unumli foydalanayotganlar ham bor, lekin ular ozchilikni tashkil etadi.

Yoshlar qalbida milliy g‘ururni uyg‘otish, o‘z ajdodlaridan faxrlanish, tariximizni chuqur o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni paydo qilish kino-ijodkorlarimiz oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

Afsuski, kinolarimiz va seriallarimizda maishiy mavzular, qaynona-kelin, er-xotin mojarolari yetakchilik qilyapti. G‘arb kinoseriallari ta’siridanmi, sahnadagi hayot shaxsiy hayotimizga kirib kelayotgandek. Axir, bugun dasturxon atrofida televizor orqali ko‘rsatilayotgan oilali erkak yoki ayolning xiyonati, ikkinchi xotinning iztirob¬larini jimgina ko‘ryapmiz. «Iqror», «Qil ustidagi taqdirlar», «Tugun», «Meni asra», «Qora beva», «Bag‘ritosh», «Ko‘ngil», «Yig‘lagan qizlar», «Parixona», «Daydi qizning daftari» kabi ko‘plab seriallarimiz tomoshabinlar qalbini zabt etgan bo‘lsa-da, afsuski, ular haqida ijobiy fikr aytib bo‘lmaydi.

Har bir davrda kattalar va yoshlarning axloq-odob mezonlari o‘rtasida tafovut bo‘lgan. Yoshlar tarbiyasi buzilib ketayotgani, ular milliy qadriyatlarimizga eskilik sarqiti sifatida qarayotgani, chiroyli kiyinish, qimmatbaho ulovlar minish, yengil-yelpi hayotga intilayotgani haqidagi gaplar tez-tez quloqqa chalinadi. Shuncha gaplar gapirilavergani bilan amaliy ishlar qilinmasa, barcha urinishlarimiz befoyda bo‘lib qolaveradi. Lekin bugun yoshlarimizning tarbiyasi masalasi har qachongidan-da muhim ahamiyat kasb etayotganini anglashimiz kerak.
Koreys kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan «Jumong», «Saroy javohiri» kabi tarixiy kinolari o‘zbek tomoshabinlari qalbini zabt etdi. Hatto yoshlar o‘rtasida kinoaktyorlarga taqlid qilib kiyinish, ulardek bir so‘zli, qat’iyatli bo‘lishga intilish kuzatildi.

Aynan bugungi kunga kelib millatimiz tarixida butun dunyo tan olgan buyuk shaxslar haqida seriallar yaratishga katta ehtiyoj sezilib qoldi. Jaloliddin Manguberdi jasorati, sohibqiron Amir Temur bobomizning sarkardalik va davlat boshqaruvidagi mohirligi, Spitamen, Shiroq, Temur Malik kabi tarixiy qahramonlarning mardligi, ilmi, ma’naviy salohiyati butun dunyoda o‘rganilayotgan allomalarimiz – imom Buxoriy, Moturudiy, Zamaxshariy, Navoiy, Avloniy, Fitrat va boshqa yana yuzlab tarixiy shaxslar haqida kinoasarlar olinishiga sa’y-harakatlar boshlandi.