Get Mystery Box with random crypto!

Shoh taom Boqiy ayyomning shoh taomi – sumalak va uning tayyo | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

Shoh taom

Boqiy ayyomning shoh taomi – sumalak va uning tayyorlanishi bilan bog‘liq rivoyatlar tilimizda ko‘p va xo‘p aylanadi. Ushbu rivoyatlar zamirida esa bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilish, jipslashuv, yaxshi-yomon kunlarda birga, sabr va irodali bo‘lishdek ezgu g‘oyalar yotadi, albatta. Quvonarlisi, hozirda ham erta ko‘klamdan keksa-yu yoshning birdek doshqozon boshida jam bo‘lib, bahoriy taomni kovlashi, unga tosh tashlab, yaxshi niyatlar bilan duoga qo‘l ochishi misolida ibratli hikoyatlar ayni kunlarda ham insonlar qalbida o‘zining tarbiyaviy qimmatini yo‘qotmay kelayotganining isbotidir. Shuningdek, sumalak, halim va ko‘ksomsa, ko‘kchuchvara singari ko‘klam taomlari ilik uzildi paytida kishilarga quvvat bo‘lishi, darmondorilarga boyligi bilan zamonaviy tibbiyotda ham tan olinayotgani hech birimizga sir emas.

BARAKA FASLI

Har yili keksa-yu yosh uchun birdek orziqib kutiladigan va katta tantana bilan

nishonlanadigan Navro‘z bayrami umuminsoniy fazilatlar, milliylikka yo‘g‘rilgan urf-odatlar-u qadriyatlarimiz ifodasi yanglig‘ qalblarga olam-olam surur baxsh etadi.

Aynan Navro‘z kunlarida amalga oshiriladigan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari, mehr-saxovat tadbirlari, insoniy fazilatlar boshqa vaqtdagi ezgu amallarga qaraganda yorqinroq namoyon bo‘ladi.

Sohibkor bog‘bon-u dehqonlar, keksalar ko‘klamning har daqiqasini qadrlab, g‘ayrat-shijoat bobida yoshlarga ibrat bo‘lishadi. Ular bosh bo‘lib qadalgan har urug‘, har bir nihol ertangi kunga baraka, dasturxonlarga rizq-ro‘z, el-u yurtga nasiba, farovon turmush omili bo‘lib unadi, ko‘kka bo‘y cho‘zadi.

Boqiy qadriyatlar

Tabiatning yangilanishi bilan boshlanuvchi bu bayram qadimdan to bugunga qadar turli marosimlarga boyligi bilan ham ajralib turadi. Xususan, xalq sayillari, milliy o‘yinlar – kurash, ko‘pkari musobaqalari, teatr tomoshalari tashkil etiladi. Oddiygina o‘tovdan tortib, yopilgan nonda, kashtachilik, naqshinkor gilamlarda ham tabiatga inja munosabat, uni ayash, ulug‘lash yaqqol aks etadi. Ayniqsa, beg‘ubor osmon bag‘rida bahoriy nasimlarga qonib, yengil parvoz qilgan varraklar, bolalarning qiy-chuvlari-yu shodon kulgulari tabiatning uyg‘onishiga rang kiritadi, go‘yo. Ot, chillak, qo‘g‘irchoq, arqon tortish, tosh ko‘tarish va boshqa o‘yinlarning zavqi esa o‘zgacha. Atlas va adrasdan tikilgan milliy liboslardagi bir-biridan chiroyli qizlar, beqasam to‘nlar kiygan ko‘rkam yigitlarning qiyofasida yangi kunning nashidasi ufurib turadi.

Fusunkor bayram

Navro‘z – oddiy bir bayram emas, balki xalqimizning tarixi, falsafasi, tushuncha tasavvurlari, qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, millat bilan ulg‘ayib, millat bilan birga taraqqiy etgan va har jihatdan

uning ong-u shuuriga o‘zining benazir xosiyati bilan singib ketgan ayyom. Zotan, yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, «xalqimiz milliy yuksalish va milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ygan hozirgi vaqtda barcha ezgu qadriyat va an’analarimiz qatori Navro‘z bayramining ham hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda». Buni har yilgi Navro‘zi olam ona xalqimizga milliy, azaliy urf-odatlar, qadriyatlar qanotida shodlik-xurramlik ulashib kelayotgani misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Zero, musaffo osmon ostida tinch-totuv umr kechirayotgan har bir yurtdoshimizning qalbiga ona tabiatning betakror fusunkorligi bilan ko‘chgan ayyom, ularning o‘zidek aziz va ulug‘dir.

Gulnoza TURG‘UNBOYEVA.

Телеграмда ўқинг / Telegramda o'qing

Ворд шаклида ўқинг / Word shaklida o'qing

ПДФ шаклида ўқинг / PDF shaklida o'qing

Кирилл алифбосида ўқинг / Kirill alifbosida  o'qing

Рус тилида ўқинг / Читать по русски

2024 йил барча мавзулар /  2024 yil barcha mavzular