Get Mystery Box with random crypto!

11-mavzu XALQNING O‘ZIDAY QADIM VA ULUG‘ AYYOM Bu yil maml | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

11-mavzu

XALQNING O‘ZIDAY QADIM VA ULUG‘ AYYOM


Bu yil mamlakatimizda Navro‘z umumxalq bayrami Prezidentimizning «2024-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, «Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!» degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanadi.

O‘lkamizga yasharish ayyomi – Navro‘zi olam kirib kelishi bilan ona zamin uzra ko‘klam nafasi taralib, qalblarda o‘zgacha orziqish, ko‘tarinki kayfiyat, shod-u xurramlik va ezgu niyatlar butun borliq bilan hamohanglik kasb etadi.

Navro‘z – tun bilan kunning tenglashishi, yangi davr, kunlarning uzayib, bog‘-u rog‘, dalalarga rizq-ro‘z qadash, mehnatning boshlanishidir.

An’analar silsilasi

Milliy an’ana va qadriyatlarimiz jamlangan ushbu shodiyona kun xalqimizning o‘ziday qadim va ulug‘ligi haqida tarixiy manbalarda atroflicha so‘z yuritilgan. Xususan, «yangi kun» ma’nosini beruvchi ushbu qadim va boqiy bayram, uning nishonlanishi Abu Rayhon Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk», Firdavsiyning «Shohnoma», Umar Xayyomning «Navro‘znoma» kabi asarlarida miloddan avvalgi VI–V asrlarda boshlanganiga oid ko‘plab ma’lumotlar yozib qoldirilgan. Navro‘zning tarixiy ildizlari borasida juda ko‘plab manbalar, jumladan, Avesto, Tabariyning «Tarixi Tabariy», Abu Rayhon Beruniyning «Tafhim», «Qonuni Mas’udiy», Mas’udiyning «Muruj az-zahab», Muhammad Husayn Burhonning «Forsnoma», Hofizi Abruning «Zubdat-at-tavorix», Alisher Navoiyning «Saddi Iskandariy», «Xazoyin ul-maoniy» asarlarida bayram va uning tarixiga oid qaydlar mavjud.

Abu Rayhon Beruniy «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» kitobida yilning birinchi oyi deb sanalgan Farvardin oyi to‘g‘risida so‘zlab: «Bu oyning birinchi kuni Navro‘zdir, – deydi. – Navro‘z yilning birinchi kuni bo‘lib, uning forscha nomi ham shu ma’noni anglatarkan. Navro‘z eronliklar zijlari bo‘yicha o‘tmish zamonlarda, ular yillarini kabisali qilgan vaqtlarida Quyoshning Saraton burjiga kirish paytiga to‘g‘ri kelar edi. So‘ngra u orqaga surilgach, bahorga keladigan bo‘ldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya’ni bahor yomg‘irining birinchi tomchisi tushishidan, gullar ochilgan, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha, o‘simlik unib chiqa boshlashdan takomillashguncha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro‘z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan».

Bahor elchisi

Musaffo osmon uzra saxiy quyoshning charaqlab nur sochishi, qir-u adirlar yam-yashil o‘t-o‘lanlar, boychechak-chuchmoma, lolaqizg‘aldoqlarga burkanib, yangi kun, bahorni olqishlayotgan qushlarning yoqimli ovozi har qanday inson ruhiyatiga ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi. Ayniqsa, qadimdan bahor elchisi boychechak xonadonlarga shod-xurramlik, baxt va omad, to‘kinlik va baraka olib keladi, degan tasavvur uyg‘otgan.

Bu ajdodlarimizning o‘zi bilan tabiat o‘rtasiga chegara qo‘ymagani, balki o‘zlarini tabiatning bir bo‘lagi, deb qaraganining ham bir isbotidir. Ular boshi uzra porlab turgan oy, quyosh hamda yulduzlar, atrofini o‘rab turgan tabobat, nabototning sirini bilishga, undagi o‘zgarishlar inson qalbi va ruhiyatiga ta’sir etishini anglaganlar. Tabiatni alqaganlar, samoni ulug‘laganlar.

Boychechakni tutdilar,
Tut yog‘ochga osdilar.
Qilich bilan chopdilar,
Baxmal bilan yopdilar.


Bu qo‘shiq satrlari bir qaraganda, anchayin jo‘n va tushuniksizdek tuyuladi? Ammo qo‘shiqda boychechak muqaddas sanalib, «qurbonlik» qilinishi bilan bog‘liq qadim marosim haqida so‘z bormoqda. Qadimda qish uzoq cho‘zilib, ko‘klam kelishi intiqlik bilan kutilganda, Boychechak marosimi o‘tkazilgan. Bu marosim qish va ko‘klamning kurashini ifodalagan.