Get Mystery Box with random crypto!

3-mavzu 'YASHIL IQTISODIYOT' - HUSUSIYATLARI VA RIVOJLANISH OM | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

3-mavzu
"YASHIL IQTISODIYOT" - HUSUSIYATLARI VA RIVOJLANISH OMILLARI

Insoniyat hayoti ko‘plab ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik muammolar bilan uzviy bog‘liq. Hozirgi kunda, ayniqsa, sanoatning rivojlanishi, tabiiy resurslardan shafqatsizlarcha foydalanish, oziq-ovqat yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi maydonlarining keskin qisqarishi, cho‘llanish va suv yetishmovchiligi xalqaro tashkilotlar va davlatlar rahbarlarining, qolaversa, butun dunyo jamoatchiligi diqqat markazida turibdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1972-yil 15-mart kuni Bosh Аsambleyaning 2997-rezolyutsiyasiga binoan, atrof-muhitni muhofaza etish bo‘yicha UNEP (United Nations Enviroment Programme) tashkilotini tuzdi. UNEP ekspertlari «yashil iqtisodiyot»ni insonlar hayot darajasini yuksaltiradigan, ijtimoiy adolatni ta’minlaydigan va shu bilan birga, atrof-muhitning zararlanish xavfini kamaytiradigan faoliyat deb baholaganlar.

Hozir ko‘p tilga olinayotgan «barqaror rivojlanish» atamasi BMT shafeligida 1983-yilda atrof-muhit holatini, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish oqibatlarini tahlil etgan maxsus xalqaro komissiyaning «Bizning umumiy kelajagimiz» deb nomlangan ma’ruzasida ilk marta «sustainable development» atamasi sifatida ommalashdi.

2009-yilda BMTning «Global yashil yangi kurs» konsepsiyasi atrof-muhit dasturi sifatida taklif etildi. Uning asosiy mazmuni investitsiyalarni kam uglerodli iqtisodiyotni rivojlantirishga yo‘naltirish va rag‘batlantirishga, ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga, ekologik talablarga javob beradigan transport vositalarini yaratishga va qo‘llashga, energosamaradorlikni ta’minlashga hamda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalarni hal etishga qaratilgan. 2009-yil iyunda 34 ta mamlakat «Yashil iqtisodiyot» deklaratsiyasini imzoladi va «ham inqirozdan chiqish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar doirasida, ham uning doirasidan tashqarida «yashil o‘sish» strategiyalarini joriy etish uchun sa’y-harakatlarni mustahkamlashini, «yashil» va «o‘sish» tushunchalari bir-biriga chambarchas bog‘liqligini tan olishini» ma‘lum qildi. «Yashil iqtisodiyot» – tabiiy zaxiralarga ta‘sir etmaydigan iqtisodiyot bo‘lib, uning konsepsiyasi tabiiy resurslarni asrash va tabiatga salbiy ta‘sirni kamaytirishdir. Inson hayotining o‘sishi tabiiy kapital o‘sishi bilan barobar bo‘lishi darkor. Bunga «yashil o‘sish» deyiladi. Uning maqsadi – jamiyat barqarorligiga erishish uchun ekotizimga bosimni kamaytirib, ijtimoiy siyosat, iqtisodiyot va ekologiya o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashdir. «Yashil iqtisodiyot»ning barqarorlik, adolat va qadr-qimmat, boshq aruv va moslashuv, sog‘lom koinot kabi mezonlari; yashil energetika, «yashil iqtisodiyot» va qishloq xo‘jaligi, «yashil iqtisodiyot» va transport, «yashil texnologiyalar», «yashil moliya», «yashil iqtisodiyot» va turizm, «yashil iqtisodiyot» va inson kabi aniq yo‘nalishlari, shuningdek, «yashil iqtisodiyot» sohasida yetakchi mamlakatlar – Janubiy Koreya, Xitoy, Germaniya, Shvetsiya, Shveysariya kabi rivojlangan mamlakatlarning o‘rganishga molik ijobiy tajribalari mavjud.

Mingyillik maqsadlari yakuni ko‘rib chiqilgan 2015-yilning sentabrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Аssambleyasining navbatdagi tarixiy sammitida qabul qilingan «Barqaror rivojlanish sohasidagi global kun tartibi» bo‘yicha 70-sonli rezolyutsiyada iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik komponentlarda barqaror rivojlanishn i ko‘zda tutuvchi 2030-yilgacha erishilishi lozim bo‘lgan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadi va ularga bog‘liq bo‘lgan 169 ta vazifa va 232 ta ko‘rsatkich belgilab olingan deklaratsiya qabul qilindi.