Get Mystery Box with random crypto!

2-mavzu YANGI O‘ZBEKISTON ARMIYASI – MAMLAKAT QUDRATI, YUKSAK | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

2-mavzu

YANGI O‘ZBEKISTON ARMIYASI – MAMLAKAT QUDRATI, YUKSAK G‘URUR VA SADOQAT TIMSOLIDIR!

Jahon tamadduniga bemisl hissa qo‘shgan turkiy zamindan ko‘plab mohir sarkardalar yetishib chiqqan. Ayniqsa, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz o‘z zamonasida nafaqat odil hukmdor, ayni chog‘da, yengilmas qo‘shinlarning qo‘mondonlari ham bo‘lishgan. Ular qo‘shinning yuksak jangovar holatini ta’minlash bo‘yicha juda ko‘p ibratli ishlarni amalga oshirishgan.

Ayniqsa, ulug‘ bobokalonimiz Amir Temurning jangovar qo‘shini o‘zining strategik va taktik maho¬rati bilan o‘sha davrning eng mukammal va kuchli armiyasi hisoblangan. Xususan, qo‘shin tarkibi, boshqaruv shakli, uning jang paytidagi harakatla¬nishi hatto dushman sinchilari tomonidan ham e’tirof etilgan.

Istiqlol yillarida milliy armiya¬miz yoshlarning irodasini toblaydigan, ularni o‘z Vatani va xalqiga sadoqat ruhida tarbiyalaydigan chinakam jasorat va matonat maktabiga aylandi. Farzandlarimizning harbiy xizmatga, boshqacha aytganda, el-yurt tinchligi va osoyishtaligi, osmonimiz musaffoligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga bo‘lgan qiziqish va intilishi kuchaydi, Vatan himoyachisi bo‘lish har bir yigitning ezgu maqsadiga aylandi.

Alohida mamnuniyat ila ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati tubdan o‘zgardi.

Xususan, 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkam¬lash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish ustuvor yo‘na-lishlardan biri etib belgilandi. Ushbu strategiya asosida Qurolli Kuchlarning tezkor boshqaruvini amalga oshirish, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar bilan ta’minlash hamda harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jango¬varlik ruhini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, harbiy xizmatchilar, ayniqsa, komandirlar tarkibining professional tayyorgarligini oshirish milliy armiyani yanada rivojlanti¬rishning eng muhim sharti hi¬soblanadi. Shu jihatdan, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi hamda harbiy okruglar boshqaruv apparatlari ofitserlarini, brigada komandirlari va ularning o‘rinbosarlarini o‘qitish bo‘yicha Qurolli Kuchlar Akademiyasida yangi tizim yo‘lga qo‘yilib, soha uchun kadrlar tayyorlashda nazariya va amaliyotni imkon qadar yaqinlashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks dasturlarni tayyorlashda bugungi kunda dunyoning turli min¬taqalarida kuzatilayotgan harbiy mojarolar xususiyatlari, qo‘shinlarni yanada rivojlan¬tirishning ustuvor yo‘nalishlari hisobga olinmoqda. Bu borada eng zarur qurol-aslaha va anjomlarni sotib olish, ularni yangi jangovar tizimlar bilan birgalikda qo‘llash va takomillashtirib borish masalasi davlatimizning doimiy e’tiborida. Shuningdek, harbiy qism va poligonlardagi infratuzilma, askar va ofitserlarning xizmat sharoitlari tubdan yaxshilanmoqda. Qolaversa, harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, aholi, birinchi navbatda, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, Qurolli Kuchlarimiz faxriylarini ijtimoiy va huquqiy jihatdan muhofaza qilishni kuchaytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilyapti.

Harbiy sohada olib borilayotgan e’tiborga molik ishlar, keng ko‘lamli islohotlar besamar ketmayotgani kishini quvontiradi, albatta. Xususan, O‘zbekis¬ton armiyasi 2023-yilda dunyodagi eng kuchli armiyalar reytingida 145 davlat o‘rtasida 62-o‘rinni egalladi. Mazkur reyting «Global Firepower» xalqaro kompaniyasi tomonidan tuzib chiqildi.