Get Mystery Box with random crypto!

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng xalqimizning ijtim | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng xalqimizning ijtimoiy-falsafiy, adabiy-badiiy tafakkuri tarixida alohida mavqega ega bo‘lgan jadidchilikni o‘rganishga katta ahamiyat berildi. Jadidchilikning paydo bo‘lish sabablari, tadrijiy rivojlanish jarayoni, undagi ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, milliy istiqlol g‘oyalarini tadqiq qilishga oid ilmiy izlanishlar olib borildi. Shularning samarasi o‘laroq, ilmiy asarlar, to‘plamlar paydo bo‘ldi, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanadigan adolatli, erkin va obod jamiyat, xalqparvar davlat, farovon hayot barpo etishga qaratilgan islohotlar jadid bobolarimizning ezgu g‘oya va dasturlariga har jihatdan uyg‘un va hamohangdir. Shu bois xalqimiz ozodligi va Vatanimiz ravnaqi yo‘lida aziz jonlarini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini yangicha tafakkur asosida o‘rganish hamda targ‘ib etishga alohida e’tibor berilmoqda.

Xususan, yurtimizda har yili 31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida keng nishonlanadi. «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasi va jamoat fondi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi hududiy bo‘limlari qatorida, endilikda Buxoro shahridagi tarixiy maskanda «Jadidchilik tarixi» muzeyi tashkil etilmoqda.

Tarixning bu murakkab davriga oid ilmiy va badiiy asarlar bilan bir qatorda, «Tarixning noma’lum sahifalari», «Qatag‘on qurbonlari» nomli ko‘p jildli xotira kitoblari nashr etilmoqda. Badiiy va hujjatli filmlar, ko‘rsatuvlar tayyorlanib, namoyish qilinmoqda. Xalqaro konferensiyalar, ko‘rgazmalar va davra suhbatlari, xotira kechalari, seminarlar muntazam o‘tkazilmoqda.

Jafokash xalqimizga milliy o‘zligini anglatish, istiqlolga erishish va davlatchilik yaratish yo‘lida jon fido qilgan atoqli ma’rifatparvarlarimiz hukumatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Istiqlol istab, yurt qayg‘usida qatag‘on qurboni bo‘lgan bobolarimizning aziz nomlari bilan ataladigan yodgorlik majmualari, ta’lim muassasalari, muzeylar, bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda.

Shu asnoda keyingi yillarda O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan mingdan ziyod mustabid tuzum qatag‘oniga uchragan vatandoshlarimiz nomi oqlangani tarixiy adolatni tiklash yo‘lida yangi qadam bo‘lganligini alohida ta’kidlash joiz. Bu ezgu ishlarning davomi sifatida yurtimizda har yili avgust oyini «Qatag‘on qurbonlarini yod etish oyi» sifatida o‘tkazish, fidoyi vatandoshlarimiz va ularning avlodlari yashagan va yashayotgan xonadonlarga yodgorlik lavhalari o‘rnatish, ularning vorislari hamda yaqin kishilariga hurmat-e’tibor ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanayotgani ham quvonarlidir.

Kelgusida har bir mahalla fuqarolar yig‘ini binosida «Qatag‘on qurbonlari xotirasi burchaklari» va «Mahalla xotira kitoblari»ni tashkil etish, har yili kamida 100 nafar qatag‘on qurboni hamda jadid bobolarimiz hayoti va faoliyatini aks ettiradigan to‘plam tayyorlash rejalashtirilgani yuqorida aytib o‘tilgan xayrli ishlarning mantiqiy davomidir.