Get Mystery Box with random crypto!

1-mavzu JADIDLAR: MILLIY O‘ZLIK, ISTIQLOL VA DAVLATCHILIK G‘O | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

1-mavzu

JADIDLAR: MILLIY O‘ZLIK, ISTIQLOL VA DAVLATCHILIK G‘OYALARI

Mamlakatimizda aynan shu mavzuda nufuzli tadbir o‘tkazilgani va unda hukumat vakillari, tarixchi olimlar, adabiyotshunoslar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Vengriya, AQSH, Germaniya, Niderlandiya, Shvetsiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlardan kelgan taniqli akademik va ekspertlar ishtirok etgani ham o‘tgan asr boshlarida shakllanib, nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun musulmon olami va turkiy dunyo tarixida chuqur iz qoldirgan jadidchilik harakatining ahamiyati naqadar bemisl bo‘lganini ko‘rsatadi.

Ma’lumki, XIX asr oxirlaridan ma’rifatparvarlik oqimi sifatida paydo bo‘lgan jadidchilik harakati XX asr boshlaridan e’tiboran o‘zining tadrijiy rivojlanish bosqichida yangi bir davrga kirdi. Bu davrda jadidchilik o‘z oldiga keng islohotchilik maqsadlarini qo‘ygan ijtimoiy-siyosiy harakat darajasiga ko‘tarildi.
Turkiston taraqqiyparvarlari merosini o‘rganishning muhim jihati shundaki, ular bundan yuz yillar muqaddam yurt mustaqilligi va yosh avlodni ma’rifatli qilish masalasini olg‘a surgan edilar. Jumladan, jadidlar o‘lkaning taraqqiyotga erishuvini bilimli yoshlar qo‘lida, deb bilganlar va ularni rivojlangan mamlakatlarga ta’lim olish uchun yuborish, xorijiy tillarni o‘rganish, zamonaviy ilm-fan va texnika bilimlarini egallash kabi masalalarni ko‘targanlar.

Jadidchilik harakati vakillarining ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish bugungi kunda shuning uchun ham dolzarbki, bu harakat vakillari istiqlolimiz uchun o‘sha davrdayoq kurash boshlaganlar. Avvalboshda ma’rifat sohasida faoliyat ko‘rsatgan jadidlar asta-sekin ijtimoiy taraqqiyot kurashchilari sifatida maydonga chiqdilar.

Jadidchilik dastlab madaniy-ma’rifiy oqim sifatida paydo bo‘lganligi tabiiy, albatta. Chunki ilg‘or musulmon ziyolilari ijtimoiy va mustamlakachilik zulmining asosiy sabablarini zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan bexabarlikdan va maorif ishlari¬dagi qoloqlikdan izladilar. Shu sababli, ular mavjud ijtimoiy muammolarni hal etishning yagona yo‘li ta’lim islohoti, deb qaradilar va ma’rifatparvarlik g‘oyalari asosida yosh avlodni tarbiyalashga asosiy e’tibor berdilar. Yangi usul maktablari, kutubxonalar ochdilar, darslik, o‘quv qo‘llanmalari yozdilar va nashr ettirdilar. Ayni paytda ular inson huquqlari, milliy, diniy, iqtisodiy erkinliklar kafolatlangan, huquqiy-demokratik milliy davlatchilikning nazariy asoslarini yaratishga harakat qildilar.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega bu o‘lkada o‘sha yillari ma’rifatchilik harakati har qachongidan ham kuchayib ketdi? Negaki, chor Rossiyasi asoratiga tushib qolib, butkul tanazzulga yuz tutgan o‘lkani uyg‘otishga, xalqning ko‘zini ochishga faqat ma’rifat orqaligina eri¬shish mumkin edi. Biroq ana shunday ezgu maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan jasoratli bobolarimiz hayoti va faoliyati davomida ko‘plab taqiq va ta’qiblarga uchradilar. Eng yomoni, bu ularning o‘zlariga ham, yozgan asarlariga ham, hattoki yaqinlariga ham bir xilda qo‘llanildi. Ular olamdan o‘tganiga bir necha o‘n yillar bo‘lsa-da, bobomeros asarlarini o‘qib-o‘rganish, ularning milliy o‘zlikni anglash, istiqlol va davlatchilik g‘oyalaridan bahramand bo‘lish imkonsiz edi.
Turkistonning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotida va falsafiy tafakkurida muhim ahamiyatga molik bo‘lgan ma’rifatparvarlik-jadidchilikni xolisona o‘rganish zaruriyati uning «taqiqlangan mavzu» sirasiga kirganligi bilan izohlanadi. Bunday fikr bildirishning sababi shundaki, jadidlar tomonidan Turkistonning ravnaqini ko‘zlab olg‘a surilgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, milliy istiqlol g‘oyalari sho‘ro tuzumi mafkurasi «qolip»iga sig‘mas edi.