Get Mystery Box with random crypto!

Jahon ilm fani ravnaqida yana bir vatandoshimiz Abu Rayhon Ber | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

Jahon ilm fani ravnaqida yana bir vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy o‘ziga xos o‘rin egalladi. U 973-yili Xorazm¬da dunyoga keldi. Unda ilmga bo‘lgan favqulodda qiziqish ona Vatanida shakllandi.
Taniqli olim Ibn Iroq Abu Rayhon Beruniyning katta ilm maydoniga ko‘tarilishida ustozlik qiladi. Taqdir taqozosini qarangki, agar IX asr boshida ilk uyg‘onish davri olimlarini homiylikka olgan Xalifa Ma’mun Bag‘dodda «Donishmandlar uyi» akademiyasi boshqaruvini al-Xorazmiy va Ahmad Farg‘oniylarga ishonib topshirgan bo‘lsa, endi XI asr boshida Xorazm poytaxti Ko‘hna Urganchdagi ilm-fan homiysi, xorazmshoh Ma’mun tashabbusi bilan uni boshqarish, nomi Movarounnahr va Xurosonga tanilayotgan Abu Rayhon Beruniyga ishonib topshiriladi. 1017-yilga qadar faoliyat yuritgan Xorazm Ma’mun akademiyasida mashhur olimlarning fandagi kashfiyotlari va ilmiy qimmati dunyo turguncha o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan asarlar yaratiladi. Bunda Beruniyning ilm-fan sohasidagi fidoyiligi, shuningdek, atrofiga to‘plangan olimlarga ibrat bo‘lishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Beruniyning 200 ga yaqin asarlari orasida alohida mashhur bo‘lgan «Hindiston» asari G‘aznadagi ilmiy faoliyati hosilasi sifatida 1030-yilda yozib tugallangan. Mahmud G‘aznaviy 1025-yildagi yurishlaridan birida Beruniyni ham o‘zi bilan Hindistonga olib ketadi. Ana shu jarayonda ushbu nomda yaratiladigan asariga noyob manbalarni to‘playdi. Natijada jahonga mashhur «Hindiston» asari vujudga keladi.
Ilm-fanning eng yuksak cho‘qqilarini zabt etgan buyuk alloma 1048-yili abadiyat dunyosiga doxil bo‘ldi.
IX–XII asrlardagi uyg‘onish davrining yana bir buyuk allomasi Abu Ali ibn Sino 980-yili Buxoroning Afshona qishlog‘ida tavallud topdi. U dunyoga kelgan Buxoro Sharqning madaniy markazlaridan biri edi. Ibn Sinoning ilk ustozi otasi bo‘lgan. Hind hisobi, falsafadan o‘g‘liga saboq bera boshlaydi. Ayni vaqtda u tabobat va mantiq ilmini favqulodda kuch va intilish bilan o‘rganishga ahd qiladi.
Buxorodagi notinch vaziyatdan xabar topgan Abu Rayhon Beruniy Ibn Sinoni o‘zi boshqarayotgan Ma’mun akademiyasiga taklif qildi. 1001-yilda Beruniy taklifini bajonidil qabul qilgan Ibn Sino Xorazmshohlar poytaxti Ko‘hna Urganchga kelib, o‘z davrining mashhur faylasuf olimi Abusahl Masihiy, tabib Abul Xayr Hammor, as-Saolibiy, matematik va astronom Ibn Iroq va boshqalar bilan yaqindan tanishib, butun borlig‘i bilan ilmiy faoliyatga kirishadi. Beruniy va Xorazmshoh Ma’mun Ibn Sino uchun alohida qulay shart-sharoitlar yaratib beradi.
1017-yilda Xorazmni Mahmud G‘aznaviy egallab olar ekan, bunday hukmdorga bo‘ysunishni istamagan Ibn Sino ancha payt Eron hududining turli shaharlariga ko‘chib, oxir-oqibat Hamadonda qo‘nim topdi. Darbadarlik azoblarini boshidan kechirdi, fisq-u fasod, tuhmatlar oqibatida zindonga tashlandi. Ana shunday azoblar va tuhmatlarni boshidan kechirgan Ibn Sino 57 yoshida 1037-yil bu dunyoni tark etdi. Ammo shu yoshida ham jahoniy e’tirofga ega allomayi zamon G‘arbda faxr bilan «Avitsenna», Sharqda esa «Shayxur rais» nomi bilan ulug‘lanadi.

Jumaboy RAHIMOV,
Jamoat xavfsizligi universiteti professori.


Телеграмда ўқинг / Telegramda o'qing

Ворд шаклида ўқинг / Word shaklida o'qing

ПДФ шаклида ўқинг / PDF shaklida o'qinghttps:

Кирилл алифбосида ўқинг / Kirill alifbosida  o'qing

Рус тилида ўқинг / Читать по русски

2023 йил барча мавзулар /  2023 yil barcha mavzular