Get Mystery Box with random crypto!

47-mavzu IX–XII ASRLARDA SHARQ UYG‘ONISH DAVRI Milodiy 809 | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

47-mavzu

IX–XII ASRLARDA SHARQ UYG‘ONISH DAVRI


Milodiy 809–813-yillarda Xuroson, Movarounnahr va Xorazmda siyosiy faoliyatini amalga oshirgan al-Ma’mun buyuk bir ishga qo‘l urdi. Ya’ni, uyg‘onish davrini boshlab beruvchi «Baytul-hikma» («Donishmandlar uyi»), hozirgi tilda aytganda, Fanlar akademiyasi faoliyatiga asos soldi. Uning ilmiy faoliyatini boshqarishga xorazmlik qomusiy alloma Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy va buyuk olim Ahmad al-Farg‘oniy tayinlandi.
Xorazmiy (783–850) qadimdan fan va madaniyat o‘chog‘i bo‘lgan Xorazm vohasida dunyoga kelib, yoshligidan turli ilmlarga butun borlig‘i bilan qiziqqan, ayniqsa, tabiiy fanlarni qunt bilan egallash uning asosiy mashg‘ulotiga aylangan edi. Dastlabki saboqni zamonining eng mashhur ustozlaridan olib, so‘ngra Marv shahridagi madrasada davom ettiradi.
Arab, fors, hind va yunon tillarini mukammal o‘rganib, o‘sha tillarda yozilgan ilmiy asarlarni qunt bilan mutolaa qilgan olim tabiiy fanlarning bundan keyingi rivojini ta’minlaydigan matematika, geometriya, trigonometriya, astronomiya, geografiya va tarix sohasida samarali ijod qildi. Natijada «Al-jabr val-muqobala», «Hisob al-hind», «Kitob at-tarix», «Kitob surat al-arz», «Kitob al-amal bil usturlabat» kabi yetuk asarlar dunyo yuzini ko‘rdi.
Afsuski, buyuk ajdodimizning bizgacha faqat o‘ntagina kitobi yetib kelgan, xolos. Urush-talashlar davrida bashariyatga, fan va madaniyatga xizmat qiladigan ko‘plab noyob asarlar yo‘qolib ketgan. Biroq o‘sha o‘nta kitobning o‘zi ham tabiiy fanlar, shubhasiz, matematikaning buyuk kashfiyotchisi sifatida uni jahonga tanitdi. Matematikaga oid asarlari iqtisodiy, me’morchilik, texnika, irrigatsiya va boshqa ko‘plab sohalar ravnaqida dasturulamal bo‘lib xizmat qildi. Shu bois al-Xorazmiy nomi umumbashariy va umr¬boqiydir. Bunday farzandni kamolga yetkazgan uning ona Vatani O‘zbekiston ham jahon miqyosida doimo tilga olinishga loyiqdir.
Ilk uyg‘onish davrining buyuk allomalaridan yana biri Abul Abbos ibn Muhammad ibn Nosir al-Farg‘oniy (797–865) ham fan, madaniyat ravnaqiga jahoniy hissa qo‘shgan buyuk olimlar sirasidan hisoblanadi. Uning butun ilmiy faoliyati Bag‘doddagi Ma’mun akademiyasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, matematika, geografiya, astronomiya, tarix va shu kabi boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda katta izlanishlar olib bordi. Bag‘dod va Damashq¬da astronomiya sohasida buyuk kashfiyotlar qilinishiga xizmat qilgan rasadxona qurilishiga rahbarlik qilish shu inson nomi bilan bog‘liq. Ahmad Farg‘oniyning astronomiyaga bag‘ishlangan «Kitob fi usul ilm an-nujum», «Falakiyot risolasi», «Al-Majitiy», «Farg‘oniy jadvallari», «Usturlob bilan amal qilish haqida», «Oy, yerning ustida va ostida bo‘lganida vaqtni aniqlash risolasi», «Yetti iqlim hisobi», «Usturlob yasash haqida kitob» asarlari mashhur bo‘lib, jahonning eng yirik ilmiy-madaniy markazlarida saqlanadi. Asarlari ko‘plab tillarga tarjima qilingan Ahmad Farg‘oniyni yevropaliklar faxr bilan «Al-Fraganus» deb ataganlar.
Uyg‘onish davrining yirik vakili, jahon fan va madaniyati tarixida chuqur iz qoldirgan ulug‘ alloma Abu Nasr Muhammad al-Forobiy (873–951) O‘tror yaqinidagi Vasij shaharchasida dunyoga kelib, Damashqda vafot etgan.
U dastlabki ilmni Forobda olib, katta ilm maydoniga Buxoro va Samarqanddagi madrasalardagi faoliyati davomida kirib keldi. Bu ilm maskanlarida davrning mashhur ustozlaridan saboq oldi. Ko‘plab tillarni mukammal egalladi. Fanlarning deyarli barcha sohalarini o‘zlashtirgan Forobiy 160 dan ortiq asarlar yozdi. Riyoziyot, falakiyot, tabobat, musiqa, falsafa, tilshunoslik va adabiyot, siyosatshunoslik sohasiga doir kitoblari dunyoga mashhur bo‘lib, jahondagi turli xalqlar tillariga tarjima qilindi. U yozgan Aristotelning «Metafizika asariga sharh», «Tirik mavjudot a’zolari haqida», «Musiqa kitobi», «Baxt-saodatga erishuv haqida», «Siyosat al-madaniyat», «Fozil odamlar shahri», «Masalalar mohiyati», «Tafakkur yurgizish mazmuni haqida kitob», «Falsafaning mohiyati haqida» va boshqa shu kabi ko‘plab asarlari jahonda shuhrat qozondi.