Get Mystery Box with random crypto!

​Muqaddas dinimizda insonlar halol mehnat qilib pul topishga b | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

​Muqaddas dinimizda insonlar halol mehnat qilib pul topishga buyurilgan. Birovni aldab, xiyonat qilib, muttahamlik yo‘li bilan uning mulkiga ega chiqish haromdir. Qimor esa aynan shunday yo‘l bilan pul topishdir.

Ma’lumot uchun ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 191-moddasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish uchun ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan. Jinoyat kodeksining 278-moddasida esa qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish, shu jumladan, ana shunday o‘yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan.

Ichki ishlar organlari xodimlarining tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga berilib ketishining oldini olish maqsadida buning noxush oqibatlari haqida ular o‘rtasida atroflicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Zotan, gapning sirasini aytganda, har qanday ko‘rinishdagi qimor o‘yinlari shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, xizmat samaradorligiga putur yetkazishi shubhasiz.

Dono xalqimiz tilidagi «Birovning haqi buyurmaydi», «Halollikda baraka bor», «Tekin pishloq qopqonda bo‘ladi», «Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik» singari naqllar hayot chig‘iriqlarida elanib-elanib, barchani birdek to‘g‘rilikka, halollikka, ezgu amallarga chorlaydi. Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni o‘ynab boyib ketganlarni hech kim bilmaydi, afsuski, xonavayron bo‘lganlar haqida ko‘p eshitamiz. Aksincha, bunday o‘yinlarda ko‘p miqdordagi pulini yutqazib qo‘yib, oxir-oqibat o‘z joniga qasd qilayotganlar yoki jinoyat ko‘chasiga kirib qolayotganlar bor. Bundaylarning taqdiri turmush farovonligining tilsimi halol mehnatda ekanligidan saboq beradi.

Gulnoza TURG‘UNBOYEVA,

«Postda» muxbiri.