Get Mystery Box with random crypto!

4--mavzu SOG‘LOM TURMUSH – FAROVON HAYOT (Tavakkalchilikka | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

4--mavzu

SOG‘LOM TURMUSH – FAROVON HAYOT

(Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarning salbiy oqibatlari haqida)

Bugun shiddatkor taraqqiyot zamonidagi evrilishlarda o‘ziga xos imkoniyatlar paydo bo‘lyapti. Shu bilan birga deyarli barcha sohalarga singib ulgurgan axborot texnologiyalarining kishilik jamiyati uchun zararli jihatlari turli muammolarni keltirib chiqarayotganini ham tan olishimiz kerak. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tavakkalchilikka asoslangan turli o‘yinlarga qiziqish oshib boryapti. Bu ko‘plab ko‘ngilsiz holatlarga, hatto fojialarga sabab bo‘layotgani ham hech kimga sir emas. Eng xavotirli jihati shundaki, bu o‘yinlar yoshlar ongini ilm olish, kasb-hunar sirlarini puxta egallash, mehnat qilishdek to‘g‘ri maqsaddan chalg‘itib, balki bir zumda boyib ketaman, osmondan tushgan aqchalar hisobiga «shohona» yashayman degan havoyi orzular sari boshlamoqda. Bunga esa aksariyat tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda pul tikib, yutuq olish imkoniyati va’da qilingani sabab bo‘lmoqda. Bukmeker qimorbozlar o‘rtasida vositachi, o‘rtakash bo‘lib ko‘ringani tanganing bir tomoni. Aslida tanganing ikkinchi tomonida u o‘yinchining oxirgi tiyinlarigacha «qoqib olib», alaloqibat moliyaviy qiyinchiliklarga duchor qilib, huquqbuzarlik va jinoyatlar sari yetaklovchidir.

Ming afsuski, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga berilishning oqibatida iqtisodiy muam­molarga nafaqat o‘yinchining o‘zi duch kelishi, balki uning oilasi, yaqinlari va turfa vaj­lariga ishonib qarz berganlarning chuv tushib qolishi bilan bog‘liq holatlar talaygina.

Bu borada so‘z yuritganda, odamlarning kutilmagan «yutuq»qa o‘chligi, aynan shunday o‘yinlarning targ‘ibot-tashviqoti, unga ishtiyoqmandlar sonining tobora ortishi va o‘yinlarga qaramlikni keltirib chiqarishini nazardan chetda qoldirmaslik kerak. Bu «reklama va yutuqlar» inson hayotini izidan chiqarib, uni ham ruhiy, ham iqtisodiy muammolar girdobiga duchor qilishi tayin.

Umr haqida gap ketganida vaqtning qadri misqollarda ham kattarib ko‘rinadi. Dastavval qo‘shimcha daromad manbai bo‘lib ko‘ringan o‘yinlarga «sho‘ng‘ib ketish», keyinchalik yutqazilgan pulning o‘rnini qoplash maqsadida boy berilgan soatlar, kunlar, haftalar, oylar va hatto yillarni ortga qaytarishning esa iloji yo‘q.

Tavakkalchilikka asos­langan o‘yinlarga sarflangan har daqiqaning qiymatsizlanishi bunda yaqqol seziladi.

Qolaversa, bu holatlar oqibati inson ruhiyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazib, bi­rinchi navbatda umidsizlik va nochorlik hissiyotlarini keltirib chiqaradi. Shuningdek, mutaxassislar kompyuter o‘yinlari odamlarning har kunlik rejimiga aylanishi depressiya, migren, ichak kasalliklari va stress bilan bog‘liq boshqa muammolarni yuzaga keltirishi mumkinligini ta’kidlashadi.

O‘zaro suhbatlarda pul haqida gap ketganida, tilimizda «Pul o‘lsin-a, pul. Jigardan bunyod bo‘lgan-da» degan qochirim iboralar bot-bot aylanadi. Bunda odamlarning fe’l-atvoridagi pulga o‘chlik bilan bir qatorda pulning inson hayotidagi o‘rni va qadri ham ifoda etiladi. Yirik miqdordagi mablag‘ni yutqazish, yo‘qotish insonning huzur-halovatini buzadi. Misol uchun, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga berilib ketganlarning ko‘pchiligining xayolini pul tikib, faqat yutish fikri egallab oladi. Aynan shundaylarda pul oldi-berdisi yolg‘onchilik, firibgarlik kabi salbiy jihatlar bilan qorishib, tobora odatiy holga aylanib borishi ham bor gap.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil ichida global miqyosda totalizator o‘ynash darajasi oshgan. Yutgan yoki yutqizganlarning holi o‘ziga ma’lum. Shu o‘rinda bir haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, totalizator o‘ynash va unda yutilgan pullar halolmi yoki?..

Tavakkal o‘yinlarga pul tikkanlarga yutuq mablag‘ini o‘sha faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya beradimi? Yo‘q, albatta. Bu mablag‘lar kimlarningdir mag‘lubiyati hisobidan qoplanishini yaxshi bilamiz. G‘olib mag‘lubdan biror narsa oladigan har bir o‘yin esa qimordir.