Get Mystery Box with random crypto!

50-mavzu Farzand tarbiyasi va ta’limi – eng muhim vazifa B | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

50-mavzu

Farzand tarbiyasi va ta’limi – eng muhim vazifa

Bog‘bon umid bilan yerga nihol qadarkan, kun kelib, uning ulkan daraxtga aylanishi, totli mevasi, hatto soyasi bir muddat nafas rostlagan odamga naf keltirishini o‘ylab ko‘ngli yorishadi, mehnatining samarasini ko‘rganda esa mamnunlik tuyadi. Har bir oila oshyonida dunyoga kelgan farzandni navniholga qiyoslasak, uning tarbiyasi va ta’limini eng muhim vazifa deb biluvchi ota-ona aynan bog‘bondir.

Faylasuf Imom G‘azzoliy ta’kidlaganidek, «Bolalar ota-onalariga berilgan bir omonatdir. Bolaning qalbi har qanday naqshu tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi. Agar yaxshilikka o‘rgatilsa, shu bilan o‘sadi va dunyoyu oxiratda saodatga erishadi. Uning savobiga ota-onasi ham, muallimu ustozlari ham sherik bo‘ladilar. Agar yomonlikka odatlantirilsa, hayvonlardek o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, oxir-oqibat halok bo‘ladi. Gunohi esa uning tarbiyasi uchun javobgar bo‘lganlarning gardaniga tushadi».
Oila tarbiya o‘chog‘i o‘laroq, har bir xalqning, millatning davomiyligini saqlovchi, milliy qadriyatlarning rivojini ta’minlovchi, ma’nan va jismonan barkamol avlodni voyaga yetkazuvchi muqaddas makondir.

Olimlarning jamiyatda tarbiya va ta’lim salohiyatini mustahkamlash, ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash borasidagi qarashlari bu yo‘nalishdagi ishlarning mohiyatini ochib berish barobarida, uni yanada takomillashtirishga chorlaydi. Xususan, yunon olimi Aristotelning «Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi» degan so‘zlari fikrimiz tasdig‘idir. Imom Buxoriy esa bu xususda yanada yorqinroq so‘z aytgan: «Bolaning tabiati rivojlanishga moyil bo‘ladi, uni qanday g‘oyalar bilan to‘ldirish ota-ona va ustozga bog‘liq».

Ma’rifat maskani bo‘lgan maktabga qadam qo‘yib, Alifboning har bir harfini tanigani sayin savodi chiqqan bola borki, unda kitobga mehr, bilim olishga ishtiyoq uyg‘onadi. Uning yorug‘ olam haqidagi fikri, qarashlari va ongu tafakkuri shakllana boradi. Shu o‘rinda yurtimizda inson kamolotida beminnat mayoq sanalgan kitob, kitobxonlikka qaratilayotgan e’tibor, avvalo, jamiyatda shaxs tarbiyasi va ta’limining uyg‘unligini ta’minlashdek muhim vazifaga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etishini ham ta’kidlash o‘rinlidir.

So‘nggi yillarda yurtimizda 11 yillik maktab ta’lim tizimi¬ning tiklanishi, shu¬ningdek, ulug‘ ajdodlarimiz – Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, «Temurbeklar maktabi», Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi ta’lim dargohlarining tashkil etilgani bugungi kun yoshlari uchun ta’lim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan Namanganda – Is’hoq¬xon Ibrat, Jizzaxda – Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim, Qarshida – Abdulla Oripov, Marg‘ilonda – Erkin Vohidov, Nukusda – Ibroyim Yusupov, Andijonda – Muhammad Yusuf, Gulistonda – Halima Xudoyberdiyeva ijod maktablariga asos solinishi iqtidorli o‘quvchi yoshlar¬ tanlagan yo‘nalishidagi bilim va ko‘nikmalarni chuqur o‘zlashtirishi uchun ayni muddao bo‘ldi. Zero, sifatli ta’lim, chuqur bilim taraqqiyot tizginini yaqqol namoyon etuv¬chi ko‘zgudir.
Maktablarda ma’naviy-tarbiyaviy ishlar yangicha asosda tashkil etilib, «Milliy g‘oya», «Odobnoma», «Dinlar tarixi», «Vatan tuyg‘usi» kabi fanlari birlashtirilgan holda, yagona «Tarbiya» fani joriy etildi. Yangi fan bevosita o‘quvchi yoshlarda o‘z ona tilini bilish, ularning qalbida vatanparvarlik, adolat, millatparvarlik, insonparvarlik, el-yurtni himoya qilish, Vatanga sadoqat va muhabbat singari milliy dunyoqarashning asosiy unsurlarini shakllanti¬rishga xizmat qiladi.