Get Mystery Box with random crypto!

​​Shu soniyada hayolimning bir chekkasida paydo bo’lib, uydan | Yamakasi

​​Shu soniyada hayolimning bir chekkasida paydo bo’lib, uydan noma'lum tomonga chiqqan, oq sochlari ko’p bo’lgan men bilan hozirgi boradigan manzili ishi bo’lgan men bir tanada, bir hayolda uchrashadi va bitta siymoga birlashadi. Fikr-hayollar bir nuqtada, hozirda jamlanadi. Sekin-asta ko’ksimda qisqa muddatli og’riq paydo bo’la boshlaydi. Noma'lum qo’rquv soyasi zaif ko’ngil ustidan soya tashlay boshlaydi. Qo’rquvning manbasi noma'lumlik - Lavkraftning Ktulxusi kabi butun borlig’imni qamrab ola boshlaydi. Atrofda dementorlar kezib yurgandek tanamga qo’shilib qalbim ham muzlay boshlaydi. Go’yo barcha xursandchilik va shodlikni dementorlar so’rib olayotgandek. Ularning so’nggi o’lim bo’sasi yaqinlashayotgandek tuyg’u paydo bo’ladi . . .

Jin ursin! Hayol bilan bo’lib, yo’lga qarashni unutibman. Tirikman. Kamida tanam tirik.

Fokusimni qo’shiqqa yo’naltiraman.

"Твой каждый день
Несет суровый урок,
Но все впрок -
Ты все смог . . ."

Kelajakdagi men chiqqan uyda shirin va beozor uxlayotgan bolakay nega paydo bo’lib qoldi? Ehtimol u ham o’zim. O’tmishim. Baxtliroq davrim – bolaligim. Har narsada mazmun ko’radigan, Rojdestvoning vintaj tabriknomalaridagi shamlarga tikilishdan eng ko’p zavq oladigan davrim. Lekin bolakay o’tmishda uyquda. Men esa uxlay olmayman. Balki uydan chiqishdan oldin peshonasidan o’pib qo’yish o’rniga birato’la o’ldirib chiqishim kerakmidi degan o’y kesib o’tadi. Yaxshisi uquda qolsin. Boshqa uyg’onmasin. Ulg’ayishimga, o’yinqaroqlik qilib, halal bermasin . . . Kurash bolalar uchun emas.

O’zligini hech qaysi zamondan topa olmagan, o’zimdan boshqa bilmaydigan va ehtimol, shuning uchun borligi isbotlanmagan “MEN” shu tarzda kulrang osmon va sokin yomg’ir ostida hayolga cho’mib boraman. “BIZ” – bolakay, men va oq sochli men – bu men.
Quyosh bugun chiqmasa kerak.

Soat 6:50. O’n daqiqalik abstrakt hayotim, hayollarim ummonidan olingan parcha siniqlar shu alfozda nuqsonli butunga aylanadi. Moddiy olamga qaytib, kurashni davom ettirish kerak.

Hozircha tamom.