Get Mystery Box with random crypto!

Soat tonggi 6:40. Zamyatinning 'Biz'ini eshitib, falsafiy-ekzi | Yamakasi

Soat tonggi 6:40. Zamyatinning "Biz"ini eshitib, falsafiy-ekzitensial hayollarga berilib, ishxona tomonga ketib boraman. "Nuqsonsiz erksizlik" jumlasini ilg’ab qolaman. Miyamiz erksizligimiz kafolati. O’y-hayol, fikrlarimiz erkimizni ushlab turadigan panjaralarning o’zginasi. Shu bilan birga miyasiz yashab ham bo’lmaydi. O’y-fikrlar "men"imizni tashkil toptiradi. Mana nuqsonsiz, tanlovsiz, ilojsiz, ko’nikishli erksizlik sizga . . .

Osmon ruhim kabi kulrang tusda. Kitobni o’chirib, uni qo’shiqqa almashtiraman. Ekzistensial o’ylardan tashqari, miyamda qo’rquv xissi va ruhiy og’riq bilan qorishgan turli o’ylar g’ujg’on o’ynaydi.

Mohiyatida “Nima uchun”? va “Qanday qilib”? degan so’roqlar yotadigan savollarga javob qidirish bilan ovora bo’lib, yo’lni aniq ko’rishimga halaqit berayotgan, mashina oynalariga urilayotgan mayda-mayda yomg’ir tomchilarini payqamay qolaman.

Sekingina oynani tomchilardan tozalayman. Atrof tiniqlashadi, ko’cha chiroqlari, yaltiragan asfalt yo’l, atrofda ketib borayotgan turli rusumdagi mashinalar ko’z o’ngimda namoyon bo’la boshlaydi.

Ayni paytda esa, o’z tanamda borimcha emasman. Hayolimda yarim qismim qaysidir sershovqin metropoliten ko’chasining, ko’p qavatli binosida oqshom payti kechki ovqatdan keyin balkonga sigaret chekishga chiqqan, hayot muammolarini qanday hal qilish yo’llarini qidirayotgan o’rta yoshli, sochiga juda erta oq oralagan kishining tanasida joylashgandek. Balki kelajakdagi o’zimni tasavurrimda gavdalantirgandirman shu tobda. U juda chuqur uh tortadi. O’tmishning qarorlari shiddat bilan ko’z-o’ngida birma-bir namoyon bo’lib, o’zini qanday qilib hozirgi balkonga olib kelganini tahlil qila boshlaydi. Hammasi juda chalkash, lekin asosiy tub burilishlar hayollar ekspiditsiyasini bir tizginga solib, balkonga olib keladi . . .

“Uhhh . . . “

G’alati. Bir paytning o’zida bir nechta joyda bo’lish va buni xis etib turish biroz noodatiyroq.

Yana mashinada ketayotgan hozirgi o’zimga qaytaman. Mashina oynalarini tomchilardan yana bir marta tozalayman. Qiziq, qalb oynalaridagi tomchilarni ham yarim soniyada artib beradigan uskuna topilarmikan? Uni qoplagan kulrang bulutlarni quvadigan Quyosh qayerda? Savollar ko’p. Juda ko’p. Hammasiga o’zim javob berib chiqishim kerakka o’xshaydi.

Yana ko’z oldim tomchilardan xiralashadi. Hayronman. Oynani artdim, baribir xira. Hah, bu safar tomchilar ko’zimda ekan.

Har doim shunday paytda, eng ojiz, eng zaif, eng ko’p ozorlangan daqiqalarimda hayolim onam tomon uchadi. U ko’rgan qiyinchiliklar hayolimdan o’tadi. Uning kichikkina jussasi va lekin tog’day yuragining bardoshiga tan beraman. Ba'zida g’ar ko’ngli dunyolarni istab qoladigan o’g’li bu ona uchun barcha dunyolarning jamlanmasi.
https://data.whicdn.com/images/294073649/original.gif

(davomi )