Get Mystery Box with random crypto!

#fakt Musulmonligi va taqvodorligi uchun taxtdan ag'darilgan | Kitobxon bola

#fakt

Musulmonligi va taqvodorligi uchun taxtdan ag'darilgan hukmdor


Chig'atoy ulusi chingiziylardan bo'lgan Duvaxon (1291-1306) va uning o'g'illari Kebekxon (1309, 1318-1326) hamda Alouddin Tarmashirin (1326-1334)lar davrida bir qadar yuksaldi.
Ko'plab ilmiy adabiyotlarda Kebekxon hukmdorligi va islohotlarga kengroq e'tibor qaratilgan holda, uning ukasi, Chig'atoy ulusining 18-xoni Tarmashirin faoliyatida u qadar jiddiy yondashilmagan. Vaholanki Tarmashirin Movarounnahrdagi mo'g'ul xonlari ichida eng dindor, taqvodor va o'ta kamtarin hukmdorlardan biri bo'lgan. Xonni o'z ko'zi bilan ko'rib, u bilan suhbatda bo'lgan arab sayyohi Ibn Battutaning guvohlik berishicha, Tarmashirin 5 mahal namozni doimo masjidda jamoat bilan o'qigan.
Masjidda kim bo'lmasin, xonning yoniga borib, u bilan qo'l berib ko'risha olgan. Namozdan keyin xon saroyiga borguncha xalq bilan muloqot qilib, ularning shikoyatlarini tinglab va arzlarining ijrosi bo'yicha o'z amaldorlariga ko'rsatmalar berib borgan. Tarmashirin hukmronligi davrida Chig'atoy ulusida shariat qonunlari jamiyatda to'la hukmron mezonga aylandi.
Mirzo Ulug'bekning ''To'rt ulus tarixi'' asarida yozilishicha, ''uning saodatli hukmronligi davrida Chig'atoy ulusi islom davlatiga aylandi. Tangri taolo bandalari uning davlati zamonida ayni farovonlikda hayot kechirdi''.
Tarmashirin islom arkonlariga shu qadar qat'iy rioya qilar edi-ki, din marosimlari va qoidalari shaxsiy va davlatning maishiy masalalariga zid bo'lgan holatda ham, islom qoidalariga og'ishmasdan amal qilar edi. Uning davrida diniy ulamolar, shayxlar va imomlarga yetarlicha hurmat ko'rsatilgan. Ibn Batutaning quyidagi hikoyasi buning tasdig'idir:
''... Bir kuni men peshin namozini o'qish uchun masjidga bordim. Ammo xon hali yo'q edi. Uning mahramlaridan biri joynamoz keltirib, mehrob yaqiniga, odatda sulton namoz o'qiydigan joyga yozdi va Hisomiddin Yog'iy(imom - A.Z)ga: ''Sultonimiz tahoratlarini tugallamagunicha namozni boshlamay kutib turar ekansiz'', - dedi. Imom o'rnidan turib: ''Namoz Xudo uchunmi yoki Tarmashirin uchunmi?'' . U muazzin(azon aytuvchi - A.Z)ga namozni boshlashni buyurdi.
Sulton masjidga kirib kelganida ikki raka't namoz o'qib bo'lingan edi. Shunda qolgan ikki raka't namozni kelgan joyidan tugalladi. U namozni odamlar poyabzallarini yechib qoldirgan joyda, masjid ostonasida o'tirib o'qidi.
Namozning o'qilmay qolgan qismini ham tugatib, imomning oldiga so'rashgani keldi. Men imom yonginasida turgan edim. So'ng Sulton menga qarab ''Sen o'z mamlakatingga qaytib borganingda ajamlarning (arab bo'lmaganlar. Movarounnahr aholisini nazarda tutayapti - A.Z) kambag'allari sulton qanday muomala qilishini aytib bergin'', - dedi''.
Bundan ma'lumki Tarmashirin o'ziga xos xalq hukmdori bo'lgan va din ulamolariga nisbatan yuksak ehtirom ko'rsatgan, hatto, o'z hurmati o'rniga qo'yilmagan vaziyatda ham ularga nisbatan kek saqlamagan. Lekin Tarmashirinning ijtimoiy, adolatli siyosati, dinparvarligi va xudojo'yligi mo'g'ul xonlariga mansub hukmdor tabaqalarning noroziligiga sabab bo'ldi. Ya'ni, Tarmashirinning davlat va jamiyat boshqaruvini islomlashtirish siyosati uning dushmanlariga qo'l kelib, Chingizxon tomonidan joriy etilgan qoidalar, xususan, ''Yasoq'' qonuniga amal qilinmayotgani asosiy sabab qilib olinadi, hamda xonni almashtirish lozim deb topiladi. Xo'sh, Tarmashirin faoliyatida ''Yasoq''da belgilangan qaysi qoidalarga zid alomatlar mavjud edi?
Chingizxonning vasiyati hamda ''Yasoq'' qoidalariga bir yilda bir marta katta qurultoy chaqirilib, ziyofatlar, to'ylar tashkil etilishi hamda unda barcha mo'g'ul xonlari ishtirok etishi lozim edi.
Aftidan, Chingizxon shu yo'l bilan xon xonadoniga mansub shahzodalar va sarkardalarning ittifoqini, do'stligi va birdamligini mustahkamlamoqchi bo'lgan. Tarmashirin esa butun Movarounnahrda oliy darajadagi, dabdabali ziyofatlar uyushtirishni bekor qilib, bu odatga barham bergan. Uning bu qarorga kelishiga o'zining islom shariatiga mos siyosat yuritishi, ortiqcha isrofgarchiliklar hamda ulardan tiyilish va taqvoni to'g'ri yo'lga qo'yish sabab edi.

Davomi keyingi postda