Get Mystery Box with random crypto!

CV/Rezyumeda hobbi va qiziqishlarning ahamiyati haqida Biror | JURISPRUDENCE

CV/Rezyumeda hobbi va qiziqishlarning ahamiyati haqida

Biror xorijiy dastur yoki ish/amaliyotga topshirishda CV/Rezyume ham soʻraladi. CV nomzod haqida umumiy tasavvurga ega boʻlish, tarixi va yutuqlari (agar boʻlsa) tanishish uchun kerak.

Bugun CV/Rezyumega hobbi va qiziqishlarni qoʻshishning ahamiyati haqida maʼlumot beramiz.

CVʼga hobbi va qiziqishlarni qoʻshish quyidagi afzalliklarga ega boʻlishi mumkin:

1. Dastur/lavozim uchun aloqador koʻnikmalaringizni namoyish qiladi.
Aytaylik, biror amaliyot dasturiga topshiryapsiz. Amaliyot shartlaridan biri – jamoada ishlay olish.

Hali yosh boʻlganingiz uchun ish tajribasiga ega emassiz. Volontyorlik yoki boshqa amaliyot dasturlarida ham qatnashmagansiz (yoki qatnashgan boʻlsangiz ham, jamoa bilan ishlamagansiz).

Aynan shu vaziyatda hobbi va qiziqishlarni yozish sizda jamoa bilan ishlash koʻnikmasi borligini koʻrsata oladi. Masalan, hobbi sifatida basketbol yoki qoʻl toʻpi bilan shugʻullanishingizni yozsangiz, sizda jamoa bilan ishlash tajribasi borligi namoyish etiladi yuqoridagi sport turlari jamoaviy sport turi boʻlgani uchun).

Xuddi shuningdek, boshqa hobbi va qiziqishlar ham sizdagi xislatlarni ochib beradi. Shaxmat – sabrli va mulohaza bilan ish qilishingizni; stol tennisi – tezkorlik bilan qaror qabul qila olishingizni; sayohat qilish – mustaqil harakatlana olishingizni bildiradi va h.k.

2. Ommadan ajralib turishingizga yordam beradi. Agar noyob/kam uchraydigan hobbi yoki qiziqishingiz boʻlsa, uni CVʼga kiritsangiz, uni oʻqigan odamning sizni eslab qolish ehtimoli oshadi.

Masalan, yoga bilan shugʻullansangiz va buni hobbi sifatida CVʼga kiritsangiz, uni oʻqigan odam sizni biror yoga pozasida tasavvur qilishi va shu orqali boshqalardan koʻproq eslab qolishi mumkin.

3. CV/Rezyumengizni individualroq (aynan sizga xos) qiladi. Hammaning qiziqishlari va hobbilari turlicha boʻladi odatda. Oʻzingizning qiziqish va hobbilarni yozish sizning shaxsingizni koʻproq, yaxshiroq ochib berishi mumkin.

4. Agar saralashda suhbat bosqichi boʻlsa, suhbatda gaplashish uchun qoʻshimcha qiziqarli mavzu boʻlishi mumkin. Aytaylik, Yaponiya eʼlon qilgan biror dasturga topshirdingiz. CVʼda hobbi sifatida kalligrafiya (yapon kanjilarini yozish) yoki bonsai (idishda daraxt va butalarning kichraytirilgan shaklini oʻstirish) mashgʻulotini hobbi sifatida yozdingiz.

Oʻzi yapon boʻlgan suhbat oluvchi uchun bu qiziqarli boʻlishi va siz bilan boʻladigan suhbat ancha jonli hamda esda qolarli boʻlishi mumkin.

Albatta, dastur talab qiladigan koʻnikmalarni amaliy tajriba (amaliyot, ijtimoiy ishlar, ish tajribasi va h.k.) orqali oʻzlashtirgan boʻlsangiz va ularni CVʼda koʻrsatsangiz, hobbi va qiziqishlarga urgʻu berish u qadar shart boʻlmaydi.

MUHIM QOIDA:
Hobbi va qiziqishlaringiz topshirayotgan dasturingizga bevosita aloqador koʻnikmalar bilan bogʻliq boʻlsagina kiriting.

Shuningdek, aslida shugʻullanmaydigan mashgʻulotingizni hobbi/qiziqish sifatida yozmang.

Aloqador boʻlmagan yoki oʻzingiz chindan shugʻullanmaydigan hobbi/qiziqishlarni kiritish sizga umuman foyda bermasligi, hatto ayrim hollarda zararingizga ishlashi mumkin.

Masalan, mening hobbiyim bonsai deb yozsangiz-u, aslida u bilan shugʻullanmasangiz va suhbatda bonsai haqida soʻrashgani normal javob qila olmasangiz, bu sizning zararingizga ishlashi mumkin.