Get Mystery Box with random crypto!

Grant yutish boʻyicha qisqa maslahatlar 1. Topshirishdan oldi | Jamshid Rahmonqulov

Grant yutish boʻyicha qisqa maslahatlar

1. Topshirishdan oldin grant dasturini erinmasdan oʻrganib chiqing.
Grantning maqsadi, talablari, topshiriladigan hujjatlar va boshqalar bilan yaxshilab tanishib oling. Grantning qoʻllanmalari boʻlsa – oʻqing, videolari boʻlsa – koʻring, FAQ boʻlsa – oʻqing. Erinchoqlik qilmang.

2. Yozilishi kerak boʻlgan insholarni imkon qadar ertaroq tugating va tajribaliroq ustozingiz/tanishlaringizga oʻqiting. Grammatik, imlo va boshqa xato yoki kamchiliklarini boʻlsa aytadi ular. Tuzatib olishga imkoningiz boʻladi shunda. Hujjatlar maksimal darajada xatolardan xoli boʻlishi kerak.

3. Hujjatlarni rasmiylashtirishda tartibli boʻling. Agar hujjatlarni nomlashda qandaydir shart belgilangan boʻlsa (masalan, har bir hujjatda nomzodning ismi boʻlishi kerak va h.k.), shu shartga qatʼiy amal qiling.

Agar nomlash boʻyicha shart boʻlmasa, nomlarini hujjat nomi va ism-familiyangiz bilan nomlab chiqing. Masalan: Eshmatov-Toshmat-CV, Eshmatov-Toshmat-Diploma, Eshmatov-Toshmat-IELTS va h.k.

Qoʻlda toʻldiriladigan hujjat boʻlsa, bo'yamasdan, chiroyli yozuv bilan to'ldiring. Yozuvingiz nihoyatda xunuk boʻlsa, boshqa birovdan yozib berishini soʻrashingiz mumkin.

4. Koʻchirmang. Motivatsiya xati, shaxsiy bayonot, insho va shu kabi boshqa hujjatlarni yozishda internetdan tayyor namuna topib, ularning gaplarini koʻchirib olmang.

Namuna uchun oʻqib, oʻrganishingiz va ayrim soʻzlari, iboralaridan foydalanishingiz mumkin. Lekin har qanday hujjat aynan sizga xos boʻlishi kerak.

Hamma yerdan topish mumkin boʻlgan umumiy fikrlar va gaplar, ular qanchalik chiroyli yozilgan yoki kuchli boʻlishidan qatʼi nazar, qabul komissiyasidagilarni koʻnglini ozdiradi. Ular bunaqa shablon gaplarni oʻqiyverib, bezor boʻlib ketgan. Shu uchun oʻzingizga xos boʻlgan xislatlar asosida yozing.

5. Imkoni boʻlsa, topshirmoqchi boʻlgan grantingizni yutgan kishidan maslahatlar oling.

6. Javobi topilmagan savollaringizni, avvalo, grant eʼlon qilgan muassasaning oʻzidan soʻrang (email, telefon yoki boshqa vosita orqali). Boshqalar notoʻgʻri yoki toʻliq boʻlmagan javob berishi mumkin.

Agar grant eʼlon qilgan muassasaning oʻzidan javob olishning imkoni boʻlmasa, boshqa manbalardan/kishilardan javob qidirishingiz mumkin.

7. ENG MUHIMI: mana shu postni boshqa guruhlar va tanishlaringizga maksimal tarqating hamda smayliklardan birini bosing. Shunda yoʻlingiz ochilib, qatorasiga grant yutib tashlaysiz.