Get Mystery Box with random crypto!

#Xushxabar Xotin-qizlarga 7 yilga foizsiz ta’lim krediti be | Huquqiy Jamiyat

#Xushxabar

Xotin-qizlarga 7 yilga foizsiz ta’lim krediti beriladi.

Prezident qaroriga ko‘ra, oliy hamda o‘rta maxsus va professional ta’limda tahsil oluvchi xotin-qizlarga 7 yilga 14 foizlik ta’lim kreditlari ajratiladi. Bunda foiz stavkalarini Moliya vazirligining jamg‘armasi qoplab beradi. Xotin-qizlar esa asosiy qarzni o‘qishni tamomlagach, 7 yil davomida to‘laydi.

18 iyul kuni prezident «Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.

Unga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishi uchun imtiyozli shartlarda ta’lim kreditlarini davlat budjetidan ajratishning yangi tizimi joriy etiladi.

Tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozit mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditlarini 7 yil muddatga 14 foiz stavkada ajratadi. Bunda kreditning foiz stavkalarini so‘ndirish Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, ularni tijorat banklariga to‘lash orqali amalga oshiriladi.

Sodda qilib aytadigan bo'lsak, talaba qizlar kredit foizini to‘lamaydi. Faqatgina kreditning asosiy qismini rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng, yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida to‘lashi kerak bo‘ladi.

Imtiyozli ta’lim kreditini rasmiylashtirish uchun quyidagilar talab etiladi:

imtiyozli ta’lim krediti olish to‘g‘risidagi tijorat bankiga ariza;
kredit oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati;
ta’lim muassasasining to‘lov-kontrakt shartnomasi;
kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, turmush o‘rtog‘i) yoki uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchining tijorat bankining kredit siyosati va ichki tartibiga muvofiq imtiyozli ta’lim krediti qaytarilishining ta’minoti bo‘yicha hujjat.

Bunda, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan imtiyozli ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi.

Imtiyozli ta’lim krediti tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktni va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik boshqa to‘lovlarni amalga oshirish uchun hamda qo‘shma ta’lim dasturlarining O‘zbekistondan tashqaridagi o‘qish davri uchun ajratilmaydi.

Qo'shimcha ma'lumot:


Ko‘plab fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olingan holda qarorga muvofiq professional ta’lim muassasalari hamda ta’lim muassasalarining sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar uchun ham imtiyozli ta’lim krediti ajratilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Agar ushbu ma'lumotlar foydali bo'lgan bo'lsa, uni boshqalarga ham ulashing:

Kanalimiz manzili:
@huquqiyjamiyat