Get Mystery Box with random crypto!

Futboldagi tarixiy ‘‘qasos’’ yoʻli Marokashning kechaga gʻala | Historicism

Futboldagi tarixiy ‘‘qasos’’ yoʻli

Marokashning kechaga gʻalabasi shubhasiz, sensatsion boʻldi. Ispaniyadan soʻng, Portugaliya ham taslim etildi. Ajoyib.

Koʻpchilik Ispaniya bilan oʻyindan keyin Marokashning Ispaniya mustamlakasi boʻlgani va ispanlardan oʻziga xos “qasos” olganini aytdi. Kechagi oʻyindan soʻng esa xuddi shu gap Portugaliya boʻyicha ham yangradi. Va menimcha bu gap endigi Fransiya bilan oʻyinda ham yangraydi. Marokash oʻzi kimning mustamlakasi boʻlgan?

Sportni siyosat va tarixga bogʻlash xato aslida, lekin baribir shunday boʻladi va bu hech qanday motivlarga ega emas.

Marokashni eng birinchi boʻlib mustamlaka qila boshlaganlar — bu portugallar edi. Biroq Portugaliya atigi 6 ta dengizboʻyi shaharni egallagan xolos. Ular mamlakat ichiga kirmagan. Toʻgʻri taxtga qaytish uchun ulardan yordam soʻragan qochoq Marokash sultoniga taxtni qaytarish uchun urush boshlashgan, ammo bu Portugaliyaning magʻlubiyati bilan tugagan. Yetmaganiga davomchisi boʻlmagan Portugal qiroli Sebastiyan I jangda halok boʻlgan va Portugaliya 60 yilga Ispaniya bilan sulolaviy ittifoqqa birlashgan.

Portugallar 1769-yildayoq Marokashdagi barcha shaharlarni tashlab ketgan. Shunday ekan, Portugaliya Marokashni butunlay bosib olmagan, balki asosan dengizboʻyi portlarni nazorat qilgan. Agar bu bosib olish deyilsa, unda Portugaliya Hindistonni ham egallagan. Ular Goa, Daman va Diu kabi bir qator dengizboʻyi hind shaharlarini, 1961-yilgacha qoʻlida ushlab turgan.

Marokashni Ispaniya ham toʻliq egallamagan. Asosan qirgʻoqlarni nazorat qilgan.

Hozirgi Marokash chegaralari va bir asr oldingi chegaralar nomutanosibligi masalani qiyinlashtiradi. Gap shundaki, Marokash XIX asrgacha avval , Gʻarbiy Sahroyi Kabir davlati yerlarini ham nazorat qilgan. 1904 yil Fransiya va Ispaniya oʻrtasida tuzilgan kelishuvga koʻra, Ispaniya oʻzi egalik qilib kelayotgan Marokash shimolidan tashqari, janubiy Marokash, hozirgi Gʻarbiy Sahroyi Kabir hududlarini ustidan ham protektoratni oʻrnatgan. Fransiya esa hozirgi Marokash hududlarini oʻz protektoratiga aylantirgan.

Hozirgi jahon chempionatida javlon urayotgan yigitlar, aynan Fransiya Marokashida tugʻilgan. Hozirgi Marokash 1956-yilgacha Fransiya mustamlakasi boʻlgan.

Fransiya boshqa mustamlakachilardan farqli ravishda Marokashda maktab tizimini yoʻlga qoʻygan, hudud boshqaruviga mahalliy aholini ham jalb qilgan, ularni harbiy xizmatga ham olgan (masalan ruslar Markaziy Osiyoda shulardan hech birini qilmagan. Rus-tuzem maktablari faqat elita uchun, mahalliy boshqaruv qishloqlar darajasida boʻlgan, markaziy osiyoliklar askarlikka emas mardikorlikka olingan).

Ispaniya hozirgi Marokashni emas, Gʻarbiy Sahroyi Kabir davlatini mustamlaka qilgan.

Uning hozirgi Marokash shimoli ustidan nazorati ham oʻz kuchi bilan emas, Buyuk Britaniya xohishi sabab oʻrnatilgan. Angliya Oʻrtayer dengizi “kaliti” boʻlgan Gibraltar boʻgʻozi nazorati kuchli Fransiyaga oʻtishini xohlamagan va bu hudud kuchsizroq Ispaniyaniki boʻlishini istagan. Fransiya oʻsha davrdagi eng kuchli davlatning talabani bajargan.

1921-yil Ispaniya nazoratidagi shimolda qoʻzgʻolon boʻlganda ham, uni asosan Fransiya qoʻshinlar bostirib bergan.

Shunday qilib, Marokash oʻzining haqiqiy konkistadori, uni ikkiga (Marokash va Gʻarbiy Sahroyi Kabir) boʻlgan davlat bilan endi toʻqnashadi. Portugaliya bilan Ispaniya ham qaysidir maʼnoda bosqinchi edi va ulardan “qasos olindi”. Endi eng kuchli va asosiy raqibni yengish lozim.

Gʻolibni esa endi 14 dekabrda bilamiz.