Get Mystery Box with random crypto!

Demokratik va avtokratik tuzumlarning eng muhim farqlaridan bi | Historicism

Demokratik va avtokratik tuzumlarning eng muhim farqlaridan biri ulardagi davlat amaldorlarini tanlash sxemalari.

Demokratik saylovda gʻalaba qozongan, keyingi saylovda ham yutishni xohlagan nomzod, tabiiyki mamlakatda yaxshi iqtisodiy va ijtimoiy oʻzgarishlar qilishi kerak. Shunda uning keyingi saylovda ham muvaffaqiyat qozonish imkoniyati oshadi.

Va bunday ijobiy oʻzgarishlarga erishish uchun unga har sohada bilimli kadrlar kerak boʻladi. Shuning bois demokratik prezident amaldorlarini asosan ularning bilimiga qarab tanlaydi. Yaʼni energetika mutaxassisini Energetika vazirligiga, siyosatchini Tashqi ishlar vazirligiga, astronavt olimni Kosmos agentligiga rahbar etib tayinlaydi. Chunki sohada qanday oʻzgarish qilish kerakligini, qanday oʻzgarishlar foydali boʻlishini oʻsha soha vakili hammadan koʻproq biladi. Yoʻqsa siyosiy diplomat pedagogikada nima foydali oʻzgarish qilishi mumkin? Mamlakat rivojlanmasa va muammolar kamaymasa o‘z-o‘zidan aniqki, keyingi saylovlarda g‘alaba qozonishdan umid qilmasa ham bo‘ladi.

Keyingi “saylov”da ham, undan keyingi “saylov”da ham yutishi aniq bo‘lgan inson esa nimdan qo‘rqadi? Unga xoinlik qilishlaridan, hokimiyatni berib qo‘yishdan.Qoʻshimchasiga, agar u hokimiyatdan ketsa korrupsiyaviy sxemalari oshkor boʻlsa.

Shu uchun ham avtokrat(diktator) amaldorlarni eng birinchi navbatda sodiqligiga qarab tanlaydi. Unga kerakli narsa — sadoqat (rivojlanish, meritokratiya kapeyka). Eng sodiq kim bo‘ladi? Albatta qarindoshlar.

Avtokrat oʻziga sadoqatli boʻlgan siyosatchini Kosmos agentligiga tayinlaydi, boshqa bir siyosatchini taʼlim tizimiga rahbar qiladi, sobiq tan soqchisini viloyat gubernatori lavozimiga qoʻyadi va umuman kim unga it kabi sodiq boʻlsa amal bilan mukofotlaydi. Sadoqatdan boshqa narsasi yoʻq amaldor esa oʻzi bilmagan sohani baribir rivojlantira olmasligi va natijada bir kun boʻshashini bilib soqqani qiladi. Avtokrat esa sodiqligi bois uning ishlariga koʻz yumadi. Qarabsizki, butun davlat korrupsiya botqogʻiga botadi. Avtokrat tanlagan amaldorlar ham yordamchilarini salohiyatiga qarab emas, sodiqligiga qarab tanlaydi. Sababi esa oddiy: bilimsiz, saylanmagan inson hokimiyat(mansab)ni bilimli insonga berib qo‘yishdan qoʻrqadi.

Biz bugungi kunda bir avtokrat davlatning korrupsiyaga qanchalik botganini va buning oqibatida qogʻozda ulkan qurollangan, amalda sobiq davlatdan qolgan qurollar bilan jang qilayotgan armiyaning sharmandali ahvolga tushgani guvohi boʻlmoqdamiz. Oʻnlab yillar davomida armiyaga ajratilgan pullardan chet elda villa, yaxta va boshqa mulklar sotib olgan rahbarlar oʻz qilmishlarini yashirish uchun askarlarni eski qurollar bilan oʻlimga yuboryapti. Nafaqat oʻz askarlari, balki raqib davlat aholisi ham ularning ochkoʻzligidan aziyat chekyapti.

Avtokratiya oxir-oqibat mamlakatni botqoqqa botiradi. Bundan boshqa avtokratik davlatlar va ularning fuqarolari kerakli xulosa chiqarishi lozim.