Get Mystery Box with random crypto!

​​Eranlar bir dengizdir, Oshiq kerak tolgali. Bahriy kerak den | Yunus Emro

​​Eranlar bir dengizdir,
Oshiq kerak tolgali.
Bahriy kerak dengizdan
Kirib, gavhar olgali.

Yana biz bahriy bo‘ldik,
Dengizdan gavhar oldik,
Sarrof kerak gavharning
Qiymatini bilgali.

Jim turganing yaxshidir.
Ne safsata sotarsen?
Ali kabi er kerak
Ushbu sirga yetgali.

Muhammad Haqni bildi,
Haqni o‘zida ko‘rdi.
Jumla yerda Haq hozir,
Ko‘z kerakdir ko‘rgali.

Nafsingni bilgin Haqdin,
"Nahnu qasamno"* pinhon.
Nafsin bilgan er kerak.
Ko‘z hijobin surgali.

Dedim ushbu kalomim
Oshiqlar hukmi ila.
Saxovatli er kerak
Bir qarorda turgali.

Olimlar kitob tuzar,
Qorani oqqa yozar.
Ko‘ngillarda yozilar,
Bu kitobning jumlasi.

Hay, sen so‘fiy riyokor,
Munofiqlik sotarsen.
Haqdin o‘zga kim yana
Qulga tilak bergusi.

Haq ma’nosi ko‘ngilda,
Oyati bor Qur’onda.
Arshdan yuqori jonda
Ishq burjining kullasi.

Bo‘yla majnun bo‘lmisham,
Bilmasman kunu tunni.
Yuragimda zirqirar
Ishq o‘qining yarasi.

Kel endi, miskin Yunus,
Tut eranlar etagin.
Kim ersa miskinlikda,
Yo‘qlik erur chorasi.


Izoh:

1 - "Rahmatimizni biz taqsimladik" (Qur’oni Karim, "Zuhruf" surasining 32-oyati).

Yunus Emro