Get Mystery Box with random crypto!

Tramp qanday prezident? AQSh Prezident Donald Tramp Tramp AQS | Green Card | Amerikada ishlash | dvlottery

Tramp qanday prezident?

AQSh Prezident Donald Tramp Tramp AQShni qanday boshqarayotganiga oid manzarani mashhur jurnalist, "Vashington Post" gazetasi muharriri Bob Vudvord yozgan "Qo'rquv: Tramp Oq uyda" nomli kitobda keltirilgan ma'lumotlar asosida taqdim etaman. Vudvod bu kitobni Tramp yonida ishlagan o'nlab rasmiylar bilan o'tkazgan suhbatlari asosida yozgan.

Oq uydagi xodimlar - ma'muriyat rahbari, milliy xavfsizlik bo'yicha mashlalatchi, yordamchilar uchun Tramp bilan ishlash qo'rqinchli tushdek dahshatli.

Trampning asosiy maqsadi - saylov paytida bergan va'dalarini bajarish. Bu va'dalar haqiqatga qanchalik to'g'ri kelishi uni qiziqtirmaydi. Bajarish kerak, tamom.

Tramp qotib qolgan fikrlarini aslo o'zgartirmaydi. Erkin savdoga qarshi tariflarni joriy qilish AQSh iqtisodiyoti va iste'molchilari uchun faqat zarar ekanini ilmiy dalillar bilan qanchalik tushuntirishmasin, Tramp aslo quloq solmaydi.

Oq uydagi xodimlar uning fikrini o'zgartira olmagandan keyin imkon qadar Trampning qarorlarga imzo qo'yishini kechiktirish strategiyasini qo'llashga o'tgan. Masalan, Tramp so'ragan qaysidir qarorni uning stoliga qo'yishadi, lekin Tramp ofisdan chiqib ketgandan keyin, hujjatni stoldan olib qo'yishadi. Stolda ko'rinmasa, Trampning esidan chiqib ketadi.

"Twitter"dagi sarguzashtlar

Oq uydagilar va vazirlar uchun yana bir katta bosh og'riq - "Twitter". Tramp huquqiy-siyosiy oqibatlarini o'ylab o'tirmay kallasiga kelgan narsani "Twitter"da yozaveradi.

Yordamchilari qanchalik ogohlantirmasin, Tramp "Twitter"dan voz kecha olmaydi. "Twitter" bu mening mega qurolim. U yerda mening auditoriyam "CNN"ni ko'radiganlardan ham ko'proq", - deydi prezident.

Tramp dam olish kunlari golf o'ynab kelib, yotoqxonasiga kirib soatlab televizor ko'rar ekan. "CNN", "MSNBC" kabi "dushman" kanallarni ko'rib olgach, seriyali tvitlarini boshlaydi. Uni bu narsadan to'xtatish uchun yordamchilari ataylab shu paytga boshqa uchrashuvlarni belgilashga harakat qilishadi.

Tashqi siyosat

Tramp tashqi siyosatdagi manfaatlarni ham pul bilan hisoblaydi. Masalan, Janubiy Koreya bilan savdoda 17 mlrd. dollar defitsit borligi uchun bu mamlakat bilan mavjud savdo bitimini bekor qilishni va u yerdagi raketaga qarshi mudofaa tizimini AQShga qaytarib olib kelishni buyuradi. "Janob Prezident, bu tizim Shimoliy Koreyaga qarshi kerak", deb aytishsa ham, "Agar pulini to'lashmasa, olib chiqib ketamiz", deydi Tramp.

"Janob Prezident, bu tizim Janubiy Koreyadan ko'ra, bizga ko'proq kerak. Chunki Shimoliy Koreya AQShga qarshi raketa uchirsa, u yarim soatda Amerikaga yetib keladi; Amerikadagi tizim raketa uchirilganini faqat 15 minutdan keyin aniqlay oladi; Janubiy Koreyadagi tizim esa buni yetti sekundda aniqlaydi", - deb tushuntirishsa ham, Tramp o'z fikridan qaytmas ekan.

Tramp bilan ishlash juda qiyin. Chunki u mantiqiy va asosli fikrlarni qabul qilmaydi; o'z fikrida oyoq tirab turib oladi. Shu bois u Oq uyga kelganda birga ish boshlagan rasmiylardan yonida hozir deyarli hech kim qolmagan. Barcha maslahatchilari va ko'plab vazirlar ishdan bo'shab ketgan. Prezident Oq uydagi yig'ilishlardan chiqib ketgach, orqasidan uni so'kishlari tabiiy hol. Sobiq davlat kotibi Reks Tillerson bir yig'inda Tramp chiqib ketishi bilan hammaga eshittirib "moron" (ahmoq) deb so'kkan ekan.

Tramp qayta saylanadimi?

Xullas, Donald Tramp AQSh tarixidagi eng antiqa prezident. Amerikada prezidentlik saylovlari bo'lishiga ikki oydan ozroq vaqt qoldi. Tramp ikkinchi muddatga yana bir bor saylanadimi? Yo'q deyishga sal ehtiyot bo'lgan bo'lardim. Chunki u o'z chiqishlarida oddiy aholining qulog'iga yoqadigan gaplarni gapirishga usta. Siyosatchilarga xos bo'lmagan ochiqligi, hammani qo'rqmasdan ochiq tanqid qilishi, o'zbekcha qilib aytganda, jaydariligi bilan ko'plab muxlislarga ega. Shu bois noyabrdagi saylov natijasi qanday bo'lishi haqida taxmin qilish qiyin.

Manba: Behzod Mamadiev

https://t.me/uzbekgreencard