Get Mystery Box with random crypto!

Platsebo effekti Bu atama haqida ko‘pchilik eshitgan. Xabari | il Consigliere

Platsebo effekti

Bu atama haqida ko‘pchilik eshitgan. Xabari yo‘qlar bu yerdan o‘qishlari, o‘qishga eringanlar esa Kunduziyning ushbu videosini ko‘rib chiqishlari ham mumkin.

Umumiy aytganda, platsebo effekti ko‘pincha tibbiyotda qo‘llanadigan jarayon bo‘lib, bemor dorining tarkibi, shifobaxshligiga ko‘ra emas, balki o‘z ongining shu muolajaga nisbatan ishonchi orqali davo topishi hisoblanadi. Ko‘plab tadqiqotlar orqali bu usulning foyda berishi isbotlangan. Hattoki, platsebo effekti orqali saratondan ham tuzalib ketganlar uchragan ekan. Biz esa yana masalaning o‘z sohamizga tegishli qismi haqida gaplashamiz:

Kitobxonlikdagi platsebo effekti

Ko‘pchiligimizda qachonlardir shu narsa bo‘lgan: akamiz maqtagan bir kitobning yuqori darajada ekanligiga qat'iy ishonch. Vaholanki, unga ham bir do‘sti bo‘rttirib tasvirlab bergan, u do‘sti esa qaysidir ustozidan shu kitob haqida eshitib qolgan 7-sinfda. Aslida esa o‘sha asar og‘iz ko‘pirtirib maqtashga arzigulik emas. Lekin siz mazkur asar haqida eshitgan ta’riflaringiz orqali uning mukammal ekanligiga ishonasiz. Agar uni o‘qib chiqqach, hamin qadarligini anglasangiz-ku, xo‘p-xo‘p, biroq yuqoridagi effektlar ta’sirida hamon haqiqiy darajani tushunib yetmasangiz, bu - achinarli masala.

Bizning kitobxonlik jamiyatimiz xuddi shu effekt doirasida aylanishi bor gap: ardog‘ingizdagilar bir kitobni maqtadimi, demak, o‘sha kitobni hamma o‘qishi shart; Yoki teskarisi: siz havas qilgan akalarga qaysidir kitob yoqmagan bo‘lsa, uning barcha adadlarini bir joyga to‘plab yoqib yuborish kerak (notsebo effekti); Yana shunga o‘xshash: Top yozuvchining barcha kitoblariga faqat pozitiv bildirish lozim. Yoki tarjimon qanchalik mashhur bo‘lsa, u qilgan tarjimalarining hammasi ideal!

Albatta, yuqoridagilarning barchasi mutlaqo absurd. Aksariyat kitoblarni atrofdagilarning ta’siri doirasida o‘qib katta bo‘lgan bekorchi sifatida shuni aytishim lozimki, bu jarayon kitobxonni jamiyatdan alamzadalik sari boshlashi ham mumkin. Barchasini o‘z holatingiz va darajangizdan kelib chiqib o‘qishingiz hamda uning ustida oz bo‘lsa ham o‘z fikringizga bildira olishingiz shart! Aks holda, to‘rtta so‘zni bir-biriga ulab, bus-butun individ sifatida tuzuk gap yozolmay yurasiz menga o‘xshab.

Bu muammo haqida ertalabgacha ham gapirish mumkin. Qisqaroq qilib aytsam, shu paytgacha milliardlab kitoblar yozilgan va o‘qilgan. Mabodo, barchaning dunyoqarashi, fikrlashi va darajasi bir xil bo‘lganida, butun dunyo bo‘ylab faqatgina 50-60 tacha kitob saqlanib qolingan bo‘lardi, xolos. Shunday ekan, birovlarning nuqtai-nazari, ta‘sir doirasiga ko‘ra nimadir o‘qimoqchi bo‘lsangiz, bu ishni boshlamay qo‘yavering.

P.S: Platsebo effekti tibbiyotda foyda berishi mumkin, lekin kitobxonlik borasida uning faqat zararingizga ishlash ehtimoli juda yuqori.

@di_abubakr