Get Mystery Box with random crypto!

Qo‘pol xato Badiiy kitoblarni tarjima qilish eng mashaqqatli | il Consigliere

Qo‘pol xato

Badiiy kitoblarni tarjima qilish eng mashaqqatli vazifalardan biriligiga hech qanday shubha yo‘q. Bu shunchaki boshqa tildagi matnni qaytadan yozib chiqish degani emas. Tarjimadagi qo‘pol xato va kamchiliklar, g‘alizlik va tavtologiya deyarli barcha kitobxonlarning o‘qishga nisbatan ishtiyoqiga yomon ta’sir qiladi. Bu ham yetmagadigek o‘quvchi asarning original tilidagi variantini-da mutolaa qilgan bo‘lsa, sho‘ringizga sho‘rva to‘kildi deyavering.

Nisbatan kichikroq kamchiliklar tarjima sifatining butunlay rasvosini chiqarmasligi mumkin. Ammo ayrim dahshatli xatolar borki, o‘quvchining kitobni shart yopib qo‘yishi uchun ularga bir-ikki marta duch kelishi yetarli. Aynan shulardan biri islomiy bo‘lmagan kitoblarda Alloh so‘zini ishlatishdir. Ko‘pchilik buning xatoligi haqida yaxshi biladi-yu, biroq bu haqida ma’lumotga ega bo‘lmagan tarjimonlar ham, kitobxonlar ham talaygina ekan.

Post hajmini ko‘paytirmasdan, mazkur qusurni shunchaki ikki qator so‘z bilan “unday emas, bunday bo‘ladi” deb yozib qo‘yishim mumkin edi, lekin ba’zi tarjimalarda (hattoki eng mashhur kitoblarning bitta-yarimtasida ham) ushbu xato tavtologiya sifatida bir betning o‘zida qayta-qayta takrorlangan. Men esa g‘ashimni keltirgan narsalar borasida shunchaki ikki og‘iz gap bilan fikrimni yakunlay olmayman)

Xullas, birodarlar, e’tiqoddan qat’iy nazar, God, Lord, Father, The Creator so‘zlarining hech biri Alloh deb tarjima qilinmaydi. Ko‘rib chiqamiz:

"Thank God I've found you," he said.

Xudoga shukrki, seni topdim, - dedi u.
Yaratganga shukrki, seni topdim, - dedi u.

Ahuramazdaga shukrki, seni topdim, - dedi u.
Zevzga shukrki, seni topdim, - dedi.
Allohga shukrki, seni topdim, - dedi u.

Sezib turganingizdek, yuqoridagi xatolarning mantiqsizlik darajasi bir xil. Hali tahrirga berilmagan tarjimalarda bu kabi xatolar yetarlicha uchrar ekan. Alam ustiga alam qiladigan jihati esa ularning ichida muharrirlar nazaridan chetda qolib, nashr qilinganlari ham bor. Bunda kim ko‘proq aybdor, tarjimonmi yoki tahririyat? Vaqti kelganda shu masala haqida ham bosh qotiramiz)

P.S: Shu kabi qo‘pol va g‘alati xatolarning yana qaysilari sizning ham ko‘nglingizni aynitadi? Yozib yuborsangiz, ularni ham ko‘rib chiqamiz.

@di_abubakr