Get Mystery Box with random crypto!

Qalamni hech kimga berma Tasavvur qiling, siz biror-bir surat | Asadbek Bozorov

Qalamni hech kimga berma

Tasavvur qiling, siz biror-bir surat chizishni niyat qildingiz va qog'oz - qalamni qo'lingizga oldingiz. Endi ijodni boshlayman deganingizda do'stingiz kelib, o'zining fikrlarini bildirib ketdi. "Yo'q" deya olmadingiz xafa qilib qo'ymay deya. Axir u ham sizning suratingizning chiroyli chiqishini xohlaydi-da.

Do'stingiz aytgandek davom etayotganingiz-da, ota-onangiz kelib, o'zlari uchun eng chiroyli bo'lgan suratni sizga ta'riflab, chizishingizni so'radi. "Yo'q" deya olmaysiz, albatta. Axir ota-onangiz hammadan ham ko'proq sizning suratingizning eng zo'ri bo'lishini xohlaydi-ku.

Surat bitdi. Boshqalar nazdida yaxshi chiqqandek bo'ldi. Ammo, sizning maqsadingiz umuman boshqacha edi. Sizning maqsadingiz, chizmoqchi bo'lgan suratingiz boshqacha edi.

Hayot ham surat kabi. Ozgina bo'shashsangiz, boshqalar sizning hayotingizni chizishga harakat qila boshlaydi. To'g'ri, qaysidir ma'noda sizga yaxshi bo'lsin uchun. Ammo, sizning o'z orzularingiz, individual maqsadlaringiz, borar manzilingiz bor.

Natijaga kelsak, qog'ozdagi suratga tikilib qaradingiz-da, sizga yoqmadi, achchig'ingiz chiqdi, ketgan vaqtingizga afsuslanib qoldingiz, suratni yirtib, yana qaytadan chizishni boshladingiz.

Ammo, hayotda bunday bo'lmaydi. Imkoniyat faqat bir marta beriladi. Shunday ekan, hayot rasmingizni o'zingiz chizmoqchimisiz, qalamni hech kimga berib qo'ymang!