Get Mystery Box with random crypto!

DXX: prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, advokat va boshqalar | Xushnudbek.uz

DXX: prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, advokat va boshqalarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi

Jizzax viloyati prokuraturasining bo‘lim prokurori muqaddam sudlangan fuqaroni sudlanganlik holatini o‘zining vakolatli hamkasbi orqali olib tashlashni va’da qilib, evaziga 1000 AQSh dollari va 1 dona “Samsung Galaxy S24 Ultra” rusumli telefon apparatini olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

***

Toshkent shahar Yakkasaroy tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi va 2 nafar surishtiruvchisi o‘zaro til biriktirib, xizmat mavqeyidan foydalangan holda, bo‘lim ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamaslik hamda uning harakatlarini JKning 273-moddasi 5-qismidan 276-moddasining 2-qismi “a” bandiga qayta malakalash evaziga, ayblanuvchining tanishi Q.O. orqali 7 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida DXX xodimlari tomonidan ushlandi.

***

Toshkent shahrida yashovchi muqaddam sudlangan 2 nafar shaxs 1980-yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirib, unga nisbatan IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituvidagi JKning 168-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini prokuratura organlaridagi tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish va “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamaslik evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilishadi.

DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgarlardan biri so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda ularni prokuratura tizimidagi tanishlarining shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

***

Namangan shahridagi advokatlar hay’ati advokati hozirda JIB Namangan shahar sudida ko‘rib chiqilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchiga nisbatan sud organlaridagi tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishiga yordam berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilib, 8 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ushbu advokat muqaddam JKning 25, 97-moddasi bilan sudlangan shaxs hisoblanadi.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.


@xushnudbek