Get Mystery Box with random crypto!

Suxrob — oddiy odam

Telegram kanalining logotibi suxrob_oddiy_odam — Suxrob — oddiy odam S
Telegram kanalining logotibi suxrob_oddiy_odam — Suxrob — oddiy odam
Kanal manzili: @suxrob_oddiy_odam
Toifalar: Bloglar
Til: Oʻzbek tili
Obunachilar: 1.58K
Kanalning ta’rifi

• Kam vaqt ketqazib ko‘p o‘rganish,
• Erinchoqlikni yengish,
• Qiyinlashayotgan hayotni osonlashtirish haqida blog.
Hammasi oddiy tilda, hammasi ilmiy tasdiqlangan.
Donat: 9860020105011702
Aloqa: @oddiy_odamga_bot

Ratings & Reviews

3.00

2 reviews

Reviews can be left only by registered users. All reviews are moderated by admins.

5 stars

1

4 stars

0

3 stars

0

2 stars

0

1 stars

1


Oxirgi xabar 3

2022-05-04 15:01:55 ​​Imtihonlarga qayerda tayyorlangan yaxshi: uydami yoki repetitordami?

Hozir uyda tayyorlanish bilan repetitorga borib tayyorlanishning ustun tomonlarini va kamchiliklarini solishtirib, qaysi biri yaxshiroq ekanligini aniqlaymiz.

Repetitorga borib tayyorlanishning ustun tomoni:
— xatolaringizni ko‘rsatib turadigan, to‘g‘ri yo‘lni aytib turadigan ustoz bo‘ladi.

Repetitorga borib tayyorlanishning kamchiliklari:
— ko‘pchilik o‘quv markazlariga o‘qishga kirib ketishingiz qiziq emas, ularga ko‘proq pul topish qiziq;
— vaqt ko‘p ketib qoladi. Dars boshlanishidan avval guruhdagi hammaning uy ishi tekshirib chiqiladi. Siz tushungan bo‘lsangiz ham kimdir tushunmasa, ustoz yana qaytadan tushuntirib beradi. Yana shunga o‘xshagan mayda narsalar vaqtingizni oladi. Agar 3 oy haftada 4 marta 2 soatdan repetitorga borsangiz, 104 soatdan kamida 26 soati (1 kun) sizga foyda bermaydigan narsalarga ketib qoladi;
— yo‘lga ko‘p vaqt ketadi. Borishingizga yarim soat, qaytishingizga yarim soat ketganda ham 3 oy haftada 4 marta repetitorga borsangiz, 52 soatingiz (2 kuningiz) yo‘lga ketadi;
— uyga keladigan individual o‘qituvchilar qimmat. Ba'zi guruhda o‘tiladigan repetitorlar ham qimmat;
— sizga yoqmaydigan usullarda ustoz dars o‘tishi mumkin;
— ba'zi ustozlar faqatgina mavzuni o‘tib beradi, ma'lumotlarni eslab qolishni, testlarni yechishni baribir uyda qilasiz.

Uyda tayyorlanishning ustun tomonlari:
— vaqt tejaladi. 3 oy repetitorga borganingizdan behuda ketib qolgan 78 soatni (26+52) yangi narsalarni o‘rganishga ketkazishingiz mumkin. O‘zi 1 oy haftada 4 marta 2 soatdan repetitorga borsangiz, sizga ustoz 32-40 soat dars o‘tadi;
— pul tejaladi. Uyda tayyorlanganingiz uchun hech kimga pul to‘lamaysiz;
— o‘zingizga yoqqan usullarda, o‘zingizga yoqqan kitoblar orqali imtihonga tayyorlanasiz;
— internetdan tekinga repetitordan ham osonroq qilib tushuntirib bergan videolarni topishingiz mumkin.

Uyda tayyorlanishning kamchiliklari:
— xatolaringizni ko‘rsatib turadigan, to‘g‘ri yo‘lni aytib turadigan ustoz yo‘qligi. Lekin bu muammoni har xil testlar, mashqlar, kitoblar orqali hal qilsangiz bo‘ladi, ular ham ustoz, faqat yozma shakldagi. Ham tayyorlanayotgan faningizni yaxshi biladigan odamlardan xatolaringizni ko‘rib berishlarini iltimos qilsangiz, tekinga yordam berishadi.

Men uyda tayyorlanishni yaxshiroq deb bilaman. Uyda tayyorlanganim uchun ham maksimal 189 ball olganman. Men imtihonga 4 oy qolganidagina tayyorlanishni boshlaganman. Agar o‘quv markazlariga borganimda imtihonga tayyorlanishga umuman ulgurmasdim. Uyda tayyorlanib, ham vaqt tejaganman, ham pul tejaganman, ham o‘zimga yoqqan usulda imtihonlarga tayyorlanganman. Ko‘rib turganingizdek, uyda tayyorlanishning ustun tomonlari ko‘proq.

Agar uyda imtihonlarga to‘g‘ri tayyorlanish haqida postlar yozishimni istasangiz, " " reaksiyasini qoldiring. Men bundan mavzu qiziq yoki qiziq emasligini bilib olaman
@suxrob_oddiy_odam
9.6K views12:01
Ochish/sharhlash
2022-05-03 19:35:24 Qanday qilib imtihonlarga chalg‘imasdan tayyorlanish mumkin?

Har safar nimagadir bunday bo‘lib qolaveradi: imtihonga tayyorlanishni juda xohlaysiz, lekin qayerdandir jin urgur qo‘l telegramga kirib ketib qoladi, keyin instagramga, keyin esa youtube'ga. Shunda "Bo‘ldi", deysiz, "Endi chalg‘imayman, bor e'tiborimni imtihonga qarataman", deysiz. Boshida foyda beradi. Xursand bo‘lasiz. Lekin ozginadan keyin payqasangiz, internetda nechadir soatdan beri chalg‘ib o‘tirgan bo‘lasiz.

Sizni tushunaman, bu holat odamni juda asabiga tegadi. "Imtihonga tayyorlanishimni qanchalik muhimligini anglab turib, o‘zi shuni xohlab ham qanday qilib chalg‘ib ketaverishim mumkin? Yo toba", deb o‘ylanib o‘tirgan bo‘lishingiz ham mumkin.

Bunga oson yechim bor. Yechim amalga oshishi uchun irodangizni ishlatib o‘tirishingiz ham, pulingizni ishlatib o‘tirishingiz ham kerak bo‘lmaydi.

Chalg‘imaslik uchun chalg‘ishning iloji bo‘lmaydigan atrof-muhit yaratishingiz kerak.

Masalan, dars vaqti telefonga chalg‘ib ketib qolyapsizmi, telefonga chalg‘ishni bloklab qo‘yadigan dastur o‘rnatib oling. Dasturni qanday ishlatish kerakligi haqida bu yerda yozgan edim.

Televizorga chalg‘ib ketyapsizmi, televizorni tokdan uzib, televizorni imtihongacha ko‘zingizga tushmaydigan joyga qo‘ying. Yoki o‘zingiz shunday joyga boringki, televizor ko‘rishning iloji bo‘lmasin.

Uydagilar xalaqit beryaptimi, ertalabdan kutubxonaga chiqib keting. Boradigan kutubxonangiz hech kim gapirmaydigan, hamma tinch o‘qiydigan joy bo‘lsin.

Endi aytishingiz mumkin, telefon imtihonga tayyorlanishim uchun kerak, deb. Biroz pul ketsa ham hamma o‘rganadigan narsangizni qog‘ozga chiqarib oling, kitob sotib oling. Yoki internetdan har kuni qidirib o‘rganadigan narsam bor, deb aytishingiz mumkin. Internetdan imtihongacha nimalarni olishingiz kerak bo‘lsa, birdaniga hammasini yuklab oling-da, internetni dars vaqti yoqib bo‘lmaydigan qilib qo‘ying. Yoki uydagilarga yordam berishim kerak, deb aytishingiz mumkin. Unda uydagilar bilan qaysi vaqtda dars qilishingizni va qaysi vaqtda ularga yordam berishingizni kelishib oling.

Xullas, kimdir chalg‘ishning ilojini yo‘q qilib, imtihonga zo‘r tayyorlanadi. Kimdir esa chalg‘ishning ilojini yo‘q qilishga erinib, o‘zi bilmasdan chalg‘ib qolaveradi. Oqibati nima bo‘lishini esa bilasizlar.

Boshqa narsalarga chalg‘ib qolayotgan bo‘lsangiz, kommentga bemalol yozavering. Birgalikda chalg‘imaslikning yo‘lini topamiz
@suxrob_oddiy_odam
8.5K views16:35
Ochish/sharhlash
2022-05-02 19:44:32 Imtihon sanasigacha qanday qilib hamma savollarga tayyor bo‘lish mumkin?

Avvalgi post kommentiga "Sekin tayyorlanyapman. Imtihongacha tayyor bo‘lishim uchun nima qilishim kerak?" mazmunidagi savol qoldirishdi.

Buning uchun 3 qadamni bajarish kerak.

1. Reallikni ko‘ring.

Birinchi o‘rinda:
— aynan nimalarga tayyor emasligingizni
— va qancha vaqtingiz qolganini bilib olishingiz kerak.

Masalan, hozir sizda 3 oy vaqt qoldi. Imtihonda tushadigan fanlarning qaysi jihatlariga 100 foiz tayyorsiz, qaysilariga esa uncha emas, hammasini qog‘ozga yozib chiqing. Qog‘ozga yozish qiyin ishdek ko‘rinishi mumkin. Lekin miyaga bir vaqtning o‘zida ko‘p ma'lumotni ushlab turib, reja tuzish qiyin, qog‘ozga esa xohlagancha ma'lumotingizni yozib qo‘yib, bemalol reja tuzishingiz mumkin.

2. Reja tuzing.

Hozirgi kuningizdan boshlab, imtihon sanasigacha har kuni nima o‘rganib borishingiz kerakligini aniqlang.

Deylik, imtihon kunigacha o‘qilmay qolgan 1-fandan 1000 bet ma'lumot, 2-fandan 500 bet ma'lumot testlariga tayyor bo‘lishingiz kerak. Shunda 3 oy har kuni 1-fandan 12 bet, 2-fandan 6 bet ma'lumotlar testlariga tayyorlanaman, deb reja tuzsangiz bo‘ladi. Oxirgi haftada esa bor bilimlaringizni takrorlaysiz.

3. Rejangiz amalga oshmaganida rejangizga o‘zgartirish kiriting.

Qanchalik zo‘r reja tuzmang, baribir qandaydir muammo chiqadi. Ko‘pchilik tuzgan rejalari qayerdadir amalga oshmay qolsa, reja bilan ham, rejasiz ham muammo chiqadi, deb rejani tashlab ketishadi. Reja bilan ham muammo chiqishi bor holat, lekin rejasiz to‘g‘ri qaror qilishingizning iloji yo‘q.

Deylik, to‘satdan bir hafta kasal bo‘lib, 7 kun hech narsa o‘qiyolmadingiz. Agar reja tuzmagan bo‘lsangiz, 126 bet ortda qolayotganingizni bilolmaysiz. Rejangiz bo‘lsagina buni ko‘ra olasiz. Muammoni ko‘rsangizgina, unga to‘g‘ri yechim topa olasiz. Rejasiz odam bir kun yetib olaman, deb yuraveradi. Rejali odam esa ulgurishim uchun avvalgidan 2 bet ko‘proq o‘rganishim kerak, deb imtihonlarga vaqtida ulguradi.

Agar bu mavzuni davom ettirib, rejani to‘g‘ri tuzish va rejaga amal qilish bo‘yicha post yozishimni xohlasangiz, " " reaksiyasini qoldiring. Men bundan mavzu qiziq yoki qiziq emasligini bilib olaman
@suxrob_oddiy_odam
8.1K viewsedited  16:44
Ochish/sharhlash
2022-05-01 15:50:08 DTMdan maksimal 189 ball olishimga qancha vaqt ketdi?

1
. May oyida 30 kun 4 soatdan ingliz tili milliy sertifikatiga uyda tayyorlandim. Avval IELTS'ga 26 ta dars (52 soat) borganimni ham qo‘shsak, umumiy 172 soat bo‘ladi. Natija: sertifikat oldim.

2. Keyin 2-iyundan 70 kun o‘rtacha 4-4,5 soat (umumiy 310 soat) boshqa fanlarga o‘zim tayyorlandim. Natija: 189 ball.

3. Demak, 100 kun 4 soatdan (umumiy 400-480 soat) tayyorlanib, DTMdan maksimal 189 ball olsa bo‘larkan. Grantda o‘qiydigan talaba bo‘lish uchun shuncha vaqt kifoya ekan. Uyda tayyorlansa, yana pul tejab qolish ham mumkin.

"Hamma 480 soat o‘qiganlar o‘qishga kirmaydi-ku",
deyishingiz mumkin va siz haq bo‘lasiz. Sababi odam necha soat o‘qiganidan muhimroq bir jihat bor. Bu — odamning qanday o‘qigani.

Masalan, kimdir 3 yil, kimdir esa 3 oy DTM imtihoniga tayyorlanishi mumkin. 1-odam imtihonga oddiy tayyorlanib yursa-yu, 2-odam imtihonga sifatli va samarali tayyorlansa, 2-odam sifatliroq natija ko‘rsatadi. Bu 1000 km masofaga odam piyoda erta chiqqani bilan Ferraridagi odamdan qolib ketishiga o‘xshaydi.

Bularni nega yozdim? Mashina piyodadan tezroq yurishini odamlar bilsa ham o‘qishga kelganda piyoda yurishadi. Keyin esa "men juda ko‘p vaqt sarfladim", deb maqtanishadi. Mashinada yurish imkoniyati bo‘lganida piyoda yurib vaqt ketkazgandan nima foyda? Shuning uchun birinchi o‘rinda qanday qilib samarali o‘qish mumkinligini o‘rganib chiqing.

Kanalda men o‘zimga va boshqalarga foyda bergan shu narsalarni yozib boraman. Ularni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalga obuna bo‘lib qo‘ying
@suxrob_oddiy_odam
8.4K viewsedited  12:50
Ochish/sharhlash
2022-05-01 04:58:05 • Repetitorga bormasdan,
• maktab darsliklarini shu kungacha o‘qimasdan,
• tanish-bilishsiz,
• X variantsiz,
• uyda instagram va youtube'ni yoqib olib,
• 480 soat o‘zi shug‘ullanib,
DTMdan maksimal 189 ball olsa bo‘ladimi?

Iloji bor ekan. Salom, mening ismim Suxrob. Men o‘tgan yili DTM imtihonidan shunday qilib 189 ball olganman. Ishonmayotgan bo‘lsangiz, mandatning rasmiy saytidan tekshirib ko‘rishingiz mumkin: mandat.dtm.uz/Home/Details/3260238

Avval "Suqrot" o‘smirlar blogini yuritganman. Hozir "Kaktuschilar" ijodiy jamoasi a'zosiman. IELTS'dan 7.5 olgan, Prezident maktabida o‘qiydigan va boshqa katta-kichik yutuqlarga erishgan o‘smirlarning "Oddiy odamlar" jamoasi sardoriman.

DTM imtihonlariga oz qoldi. Shu sabab ko‘pchilikka yordam bo‘lishini xohlab, imtihonlarga qisqa muddatda samarali tayyorlanish bo‘yicha blog ochsam, dedim. Kanalga 189 ball olishimga nimalar yordam berganini har kuni yozib boraman.

Oy oxiri uchun imtihonlarga tayyorlanishingizni ancha osonlashtiradigan bitta syurpriz tayyorlayapman. Shunga kanalga obuna bo‘lib qo‘ysangiz ham bo‘ladi
@suxrob_oddiy_odam
7.7K viewsedited  01:58
Ochish/sharhlash