Get Mystery Box with random crypto!

​​Birinchi imtihonda hamma ikki olishi haqida Tasavvur qiling | Suxrob — oddiy odam

​​Birinchi imtihonda hamma ikki olishi haqida

Tasavvur qiling: Samir va Samira degan maktab o‘quvchilari bor. Ularning ikkalasi ham o‘qishga bir xil vaqt ajratishadi. Lekin 9-sinf imtihonida Samir "2", Samira esa "5" oladi.

Shunda Samir: "Mening miyam o‘zi shunaqa yaxshi ishlamasa kerak, katta muvaffaqiyatlarga erisha olmaydigan oddiy odamman. Samiraning xotirasi kuchli, omadi bor", — deb o‘ylaydi.

Samira Samirning xafa bo‘lib o‘tirganini ko‘rib: "Hamma aslida oddiy odam. Hamma birinchi imtihonda ikki oladi. Men besh olganimning sababi ko‘p o‘zimni imtihon qilganman, testlar, misollar yechganman. O‘shalar menga birinchi imtihon bo‘lgan, o‘shanda men ko‘p ikki olganman. Sen esa ko‘p o‘qib o‘tirarding, lekin o‘zingni imtihon qilmasding. O‘zingni avval imtihon qilmaganing uchun birinchi imtihoning shu yerda bo‘ldi va ikki olding".

Samir "5" olishning sirini bilgandek xursand bo‘ladi. Litseyga kirish imtihonlariga Samira aytgandek tayyorlanishni boshlaydi. Lekin yana Samir imtihondan yiqilib, Samira imtihondan o‘tadi.

Samir endi battar xafa bo‘lib, hayotni adolatsiz deb o‘ylashni boshlaydi. Samira yana Samirning xafa bo‘lib o‘tirganini ko‘rib: "Sen bir narsani tushunmabsan. Sen faqat test yechaverding, lekin javoblaringning qayerida xato chiqqaniga e'tibor bermading. Shunchaki, faqat test yechaverding. Agar birinchi imtihoningdagi xatolarni aniqlab, ularni o‘rganib, to‘g‘ri javob topishni bilib olganingda keyingi imtihoning ikkinchisi bo‘lardi. Sen esa xatolaringni o‘rganib chiqmaganing uchun yana qaytadan 1-imtihoningni topshiryapsan. Masalan, ona tilidan bitta testni yecha olmading. Nima sababdan shunday bo‘ldi, deb qaraysan. Qarasang, test bo‘lib tushgan mavzuni unchalik ham yaxshi tushunmagan ekansan. Keyin o‘sha mavzuni yaxshilab o‘qib, shu bo‘yicha har xil testlar yechasan. Shunday qilib, bitta mavzuni yaxshi bilib olasan. Keyingi imtihoningda yana qayerdadir xato qilasan. Keyin uni yaxshilaysan. Qarabsanki, qancha ko‘p test yechib, undagi xatolaringni bilib olganing sari natijang ham oshib boradi".

Samir: "A, tushundim", — deydi, "Bu imtihonlar unchalik ham muhim emas edi. Endi universitet imtihoniga zo‘r tayyorlanaman". Keyin Samir 2 yil Samira aytgandek ish tutishni boshlaydi.

1-avgust kuni keladi. Samir yana imtihondan yiqilib, Samira yana imtihondan o‘tadi...

Imtihonga tayyorlanayotganda abituriyentlar ko‘p qiladigan xatolar haqida post yozishimni xohlasangiz, " " reaksiyasini qoldiring. Men har doimgidek shundan mavzu qiziq yoki qiziq emasligini bilib olaman .
@suxrob_oddiy_odam